Rossiya Ukraina bilan urushga tayyorlagan kuchlarini deyarli ishlatib bo‘ldi – Pentagon
Olam
−
08 mart 2022
13346Rossiyaning urush uchun safarbar qilingan jangovar kuchining deyarli 100 foizi allaqachon Ukrainaga tashlangan. Bu haqda CNN AQSH Mudofaa vazirligining yuqori martabali mulozimiga tayanib, xabar bergan.
Rasmiyning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya bosqinni amalga oshirish uchun Ukraina chegaralariga joylashtirgan jangovar kuchining “deyarli 100 foizini” ishlatgan.
Pentagonning qayd etishicha, Rossiya Ukrainada 625 dan ortiq raketa uchirgan.
Rasmiyning ta’kidlashicha, Ukraina havo hududi uchun kurash hali ham davom etayotgan bir paytda, AQSH Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Ukraina havo hududini himoya qilish uchun “o‘z samolyotlari”, shuningdek, “yer-havo” qurollariga ega ekanini taxmin qilmoqda.
Ukrain OAVning yozishicha, AQSH razvedkasi hujumdan bir necha kun oldin Rossiya o‘zining jangovar bo‘linmalarining 75 foizini Ukrainaga qarshi safarbar qilganini aytgandi. Bundan kelib chiqadiki, 7 mart holatiga Rossiya Federatsiyasida jami harbiy bo‘linmalarning atigi 25 foizi qolgan.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi