Rossiya Putinga qarshi sanksiyalar uchun Avstraliya va Yangi Zelandiyaga javob qaytardi

Olam

image
0:00
0:00
download

Rossiya Avstraliya va Yangi Zelandiya parlamentlari deputatlari, shuningdek, ushbu mamlakatlar rahbariyati vakillariga nisbatan sanksiyalar kiritdi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qildi.

“Kollektiv G‘arb” yo‘nalishiga itoatkorlik bilan ergashib, Kanberra o‘ylamasdan rusofobik ishtiyoqda Rossiya Federatsiyasining yuqori rahbarlari va deyarli barcha deputatlarga ta’sir ko‘rsatadigan sanksiyalarni kiritdi. Bunga javoban, 7 apreldan boshlab Rossiyaga kirishi taqiqlangan shaxslarning ro‘yxatiga Avstraliya Milliy xavfsizlik qo‘mitasi, Vakillar palatasi, Senat va mintaqaviy qonunchilik assambleyalari a’zolari kiritildi”, deyiladi Rossiya TIV xabarida.

Sanksiyalar ro‘yxatiga 228 nafar Avstraliya fuqarosi, jumladan, Bosh vazir va hukumat a’zolari kiritilgan.

Yangi Zelandiyadan 130 kishi, jumladan, general-gubernator va Bosh vazir ham sanksiya ro‘yxatiga kiritilgan.

“Ushbu qadam AQSH va uning yo‘ldoshlari tomonidan Rossiyani jilovlash bo‘yicha boshlangan kampaniyaga qo‘shilgan Yangi Zelandiya Vazirlar Mahkamasining nodo‘stona harakatlariga javoban qo‘yildi. Vellingtonning o‘z manfaatlarini va umume’tirof etilgan odob-axloqni unutib, rusofobik yo‘nalishni davom ettirishga tayyorligi yana bir bor uning tashqi siyosati mustaqil emasligi va “kollektiv G‘arb” rahbarlariga nisbatan xizmatkorligidan dalolat beradi”, degan Rossiya TIV Yangi Zelandiya fuqarolariga nisbatan qo‘llanilgan sanksiyalar to‘g‘risida.

Eslatib o‘tamiz, Avstraliya va Yangi Zelandiya Rossiya Ukrainaga qarshi harbiy hujum boshlagach, G‘arb davlatlari bilan Moskvaga qarshi sanksiyalar joriy qilgandi. Okeaniyaning ushbu ikki davlati RF Prezidenti Vladimir Putinni ham "qora ro‘yxat"ga kiritgan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

55

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing