Rossiya Polsha chegarasi yaqinidagi poligonga zarba berdi

Olam

image

Kecha, 13 mart kuni Ukraina g‘arbidagi, Polsha chegarasidan 25 km uzoqlikdagi poligonga havodan zarba berildi. Bu haqda Lvov viloyati davlat ma’muriyati rahbari Maksim Kozitskiy ma’lum qildi.

Rossiya aviatsiyasi Lvov viloyati Yavorov tumani Starichi qishlog‘idagi Xalqaro tinchlikni saqlash va xavfsizlik markazini bombardimon qilgan. Bu markaz Yavorov harbiy poligoni sifatida ham tanilgan. U Ukrainaning NATO a’zosi bo‘lgan Polsha bilan chegarasidan 25 kilometr uzoqlikda joylashgan. Poligonda ukrainalik harbiylar avvallari G‘arb instruktorlari rahbarligida tayyorgarlikdan o‘tgan, biroq hozirda Ukraina rasmiylariga ko‘ra, u yerda instruktorlar yo‘q.

Maksim Kozitskiyning aytishicha, rus qo‘shinlari poligonga 30 ta raketa otgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, zarbalar natijasida kamida 35 kishi halok bo‘lgan, yana 134 kishi jarohatlangan.

Rossiya Mudofaa vazirligining ta’kidlashicha, rus qo‘shinlari Lvov viloyatida “xorijiy yollanma askarlar” joylashgan ob’ektlarga zarbalar bergan. Oqibatda ulardan kamida 180 nafari halok bo‘lgan, shuningdek, Ukrainaga xorijdan kelgan qurollarning katta partiyasi yo‘q qilingan. Rossiya Mudofaa vazirligining rasmiy vakili Igor Konashenkov Ukraina hududiga kelgan xorijlik yollanma askarlarni yo‘q qilish davom etishini qayd etgan.

AQSH Prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan Rossiyaning Polsha chegarasi yaqinidagi poligonga bergan zarbasidan so‘ng, agar Rossiya har qanday NATO davlati hududiga “bir marta bo‘lsa ham o‘t ochsa”, alyans “bor kuchi bilan” javob qaytarishini aytdi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

59

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing