Rossiya olti oyda $16,5 mlrdlik harbiy texnikasini yo‘qotdi – “Forbes”
Olam
−
25 avgust 2022
6816Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlanganidan beri o‘tgan olti oy ichida Rossiya Mudofaa vazirligi raketalarni hisobga olmaganda 16,56 milliard dollarlik 12142 ta harbiy texnikani yo‘qotdi. Bunday hisob-kitoblarni “Forbes” jurnalining Ukraina versiyasi keltirgan.
Ukraina Qurolli Kuchlari Bosh shtabi ma’lumotlariga ko‘ra, urushning olti oyi davomida Rossiya armiyasi 1924 ta tank, 234 ta samolyot, 199 ta vertolyot, 15 ta kema, 196 ta qanotli raketani yo‘qotgan.
“Forbes” Rossiya armiyasining eng qimmat yo‘qotishlarini ma’lum qildi. Bular:
- “Moskva” raketa kreyseri (nashr uni narxini 750 million dollarga baholagan);
- Il-76 samolyoti (Ukraina fevral oyi oxirida Kiyev viloyatida urib tushirilganini ma’lum qildi; bu haqda vizual tasdiq yo‘q. “Forbes” ma’lumotlariga ko‘ra, samolyot 86 million dollar turadi);
- “Saratov” katta desant kemasi (jurnalga ko‘ra, uning narxi 75 million dollar).
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi