Rossiya Odessaga oltita raketa uchirdi

Olam

image

Kecha, 7 may kuni Rossiya harbiylari Odessa viloyatiga oltita raketa uchirdi. Bu haqda “Suspilne Novini” nashri  Janubiy mudofaa kuchlari matbuot markazi rahbari Natalya Gumenyukka tayanib, xabar berdi. 

Qayd etilishicha, to‘rtta snaryad Odessadagi turar-joy hududidagi fuqarolik korxonasiga tegib, yong‘inga sabab bo‘lgan. 

Yana ikkita raketa aeroportning avval vayron qilingan uchish-qo‘nish yo‘lagiga kelib tushgan. 

O‘z navbatida, Rossiya Mudofaa vazirligi Arsiz, Odessa va Voznesensk hududlaridagi harbiy aerodromlarga yuqori aniqlikdagi qurollardan zarbalar berilganini, oqibatda Ukraina Harbiy-havo kuchlarining aviatsiya texnikasi va qurol-yarog‘lari yo‘q qilinganini ma’lum qilgan. 

Eslatib o‘tamiz, Rossiya bundan avval ikki marta Odessaga zarba bergandi. 

Birinchi marotaba Rossiya pravoslav Pasxa bayrami arafasida Odessaga, jumladan, turar-joy binosiga raketa zarbalari bergandi. Hujumda sakkiz kishi, jumladan, uch oylik chaqaloq halok bo‘lgan.

Keyin esa, Rossiya Odessaning “infratuzilma ob’ektlaridan biri”ga raketa hujumi uyushtirgandi. Oqibatda 15 yoshli bola halok bo‘lgani, 17 yoshli qiz esa jarohatlangani aytilgandi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

29

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing