Rossiya muvaffaqiyatsizlikka uchradi – Blinken

Olam 20496
image

Rossiya Ukraina bilan urushda o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlariga erisha olmadi va muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Bu haqda AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken aytib o‘tdi.

Amerika diplomatiyasi rahbari kecha, 24 aprel kuni Kiyevda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralardan so‘ng Polshada matbuot anjumani o‘tkazgan.

Blinken Rossiya bor imkoniyatini Donbass sharqiga qaratish uchun o‘z qo‘shinlarini Kiyev yaqinidan va Ukraina shimolidan olib chiqib ketganini eslatgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya o‘z maqsadlariga erisha olmadi va harbiy jihatdan muvaffaqiyatsizlikka uchradi.

“Rossiya muvaffaqiyatsizlikka uchramoqda, Ukraina esa muvaffaqiyat qozonmoqda. Rossiyaning asosiy maqsadi Ukrainani butunlay bo‘ysundirish va uni suverenitetdan mahrum qilishdir. Bunga erishib bo‘lmadi”, degan Blinken.

Eslatib o‘tamiz, 24 aprel kuni AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken va Pentagon rahbari Lloyd Ostin Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashdi. Muzokarada Ukrainaga yordam berish va Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.

Sunnatilla Abdullayev
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 57
Reyting: 3
t
×