Rossiya Kanadaning 8 maydagi “qilmish”iga javob qaytardi
Olam
−
27 iyun 2022
22837Moskva Ottavaning joriy yil may oyida joriy etgan sanksiyalariga javoban 43 nafar Kanada fuqarosining Rossiyaga kirishini taqiqladi. Bu haqda bugun, 27 iyun kuni Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Matbuot xizmati tomonidan tarqatilgan bayonotida keltirilgan.
“Kanada hukumati tomonidan 2022 yil may oyida Rossiya kompaniyalari rahbariyati va ularning oila a’zolariga nisbatan joriy qilingan yangi sanksiyalarga javoban, 43 nafar Kanada fuqarosi uchun Rossiyaga kirish butunlay taqiqlandi”, deyiladi hujjatda.
Sanksiyalar ro‘yxatiga federal va mintaqaviy amaldorlar, jumladan, Kanadaning hukmron Liberal partiyasi raisi Syuzen Kauan, Tabiiy resurslar vaziri o‘rinbosari Jon Xannaford, Bosh vazirning maxsus yordamchisi Jeyms Armbruster, Kalgari meri Joti Gondek, shuningdek, boshqa jamoat arboblari kiritilgan.
“[Bosh vazir] Jastin Tryudoning Kanadadagi hukmron rejimi jangari rusofobiya kursini o‘jarlik bilan davom ettirayotgan bir paytda, Rossiya tomoni Ottavaning ochiq dushmanona harakatlariga qarshi javob choralarini ko‘rish huquqini o‘zida saqlab qoladi”, deyiladi vazirlik xabarida.
Rossiya diplomatik xizmati Rossiyaga kirishi taqiqlangan Kanada fuqarolarining umumiy ro‘yxatini ham e’lon qildi. Hozirda ro‘yxatga 701 Kanada fuqarosi kiritilgan.
Ma’lumot uchun, 8 may kuni Ottava yana 40 nafar rossiyalik shaxsni sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi. Sanksiyalar ro‘yxatiga, xususan, “Lukoyl” sobiq prezidenti Vagit Alekperov, “Sberbank” boshqaruvi raisi o‘rinbosari Olga Golodets, Rossiya Mudofaa vaziri o‘rinbosari general-polkovnik Yunus-Bek Yevkurov, general Sharip Delimxanov, Davlat dumasi deputati Adam Delimxanov qo‘shilgan.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi