Kanada Hindiston diplomatlarini mamlakatdan chiqarib yubordi
Olam
−
15 Oktabr
5228Kanada rasmiylari sikx faoli va Kanada fuqarosi Hardip Singh Nijjarning o‘ldirilishi bo‘yicha tergov ishi munosabati bilan olti nafar hind diplomatini, jumladan oliy komissarni chiqarib yubordi. Bu haqda Kanada Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
“Kanada Tashqi ishlar idorasi Hindiston hukumati bilan bog‘liq agentlar tomonidan Kanada fuqarolariga qarshi maqsadli kampaniya olib borgani uchun oltita hind diplomati va konsullik amaldorlari Kanadadan chiqarib yuborilgani haqida bildirishnoma olganini e’lon qiladi”, deyiladi hujjatda.
Bayonotga ko‘ra, rasmiylar hind diplomatlari kanadaliklarga qarshi ba’zi noqonuniy harakatlarga aloqadorligi haqida ma’lumot olgan. Biroq ular diplomatik va konsullik immunitetidan voz kechishdan bosh tortib, tergov bilan hamkorlik qilmagan, shuning uchun diplomatlarni chiqarib yuborishga qaror qilingan.
Hindiston hukumati bu ayblovlarni bema’nilik deb atagan va Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudoni siyosiy manfaatlar uchun mamlakatni ataylab qoralashda ayblagan. Hindiston Tashqi ishlar vazirligi ham Kanada oliy komissari vazifasini bajaruvchi va yana besh diplomatni mamlakatdan chiqarib yuborayotganini ma’lum qilgan. Ularga 19 oktyabr kun yakunigacha mamlakatni tark etish buyurilgan.
Ma’lumot uchun, sikxlar nisbatan kichik diniy guruh bo‘lib, ularning dunyo bo‘ylab taxminan 25 million tarafdori bor. Ularning aksariyati Hindistonda yashaydi. Joriy yilning iyun oyida otib o‘ldirilgan Hardip Singh Nijjar esa sikxlarning Kanadadagi yetakchilaridan biri edi. Nijjar “Xaliston” deb ataluvchi mustaqillik harakatini va Hindistonda alohida sikx davlati tashkil etilishini ochiq qo‘llab-quvvatlagan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili ham mazkur mojaro ortidan ikki mamlakat ham bir-birining diplomatlarini o‘zaro chiqarib yuborgan edi.
LiveBarchasi