O‘zbekiston Buyuk Britaniya, Germaniya va Kanada bilan viza tartibini soddalashtiradi

Jamiyat

image

Tashqi ishlar vazirligiga Buyuk Britaniya, Germaniya, Kanada, Slovakiya, Avstraliya va Yangi Zelandiya kabi mamlakatlar uchun viza tartibini soddalashtirish topshirildi. Bu haqda bugun, 7 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan aholini talab yuqori kasblarga o‘qitish va daromadli ish bilan ta’minlash chora-tadbirlari bo‘yicha kengaytirilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.  

Qayd etilishicha, so‘nggi besh yilda sanoat korxonalariga 24 milliard dollarlik uskunalar olib kelinib, 63 mingta yangi quvvat ishga tushirilgan, 1 million 500 mingta doimiy ish o‘rni yaratilgan. Hozirda iqtisodiyot tarmoqlarida 200 mingdan ortiq malakali mutaxassisga talab bor.

Kelgusi uch yilda investitsiya dasturlari doirasida ishga tushadigan korxonalarda yana 500 ming nafar ishchiga talab yuzaga keladi. Yangi uskunalar va texnologiyalarda ishlash uchun malakali kadrlar suv va havodek zarur.

“Mamlakatimizda salohiyatli kadrlar tayyorlash uchun texnikumlar bilan korxonalarni bog‘lab, dual ta’lim tizimini rivojlantirish bo‘yicha ijobiy tajribalar bor. Xususan, Asaka transport va mashinasozlik texnikumi, Buxoro shahar energetika, neft va gaz sanoati texnikumi, Shirin energetika texnikumi, G‘uzor tumani va Shahrisabz shahri 1-son texnikumlarida mahalliy va xorijiy korxonalar bilan hamkorlikda zamonaviy mutaxassislar tayyorlanmoqda”, deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, xususiy korxonalarni qo‘llab-quvvatlash, ularga manfaatli sharoit qilib berish orqali dual ta’lim qamrovini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab berildi.

Germaniya bilan hamkorlikda 14 ta texnikumda talab yuqori kasblarga va nemis tiliga o‘qitish yo‘lga qo‘yilmoqda. Hokimlar va tarmoq rahbarlariga har bir hududda kamida 5 tadan texnikumda ushbu tajribani joriy qilish topshirildi.

Zamonaviy kasblarda xorijiy tillarni bilish juda muhim. Shu bois maktablar va kasb-hunarga o‘qitish markazlarida bunday darslarni ko‘paytirish, texnikumlarga xorijdan o‘qituvchilar olib kelish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tizimidagi 65 ta kasbiy ko‘nikma markazida o‘qitish sifatini oshirish, grantlar jalb etib, zamonaviy kasblarga mos uskunalar bilan jihozlash kerakligi aytildi.

Viloyatlardagi 13 ta qurilish kasbiga o‘qitish markazi dasturlari ham mehnat bozoridagi talab yuqori kasblarga moslashtiriladi. Qabul tizimi raqamlashtirilib, yiliga 20 ming fuqaro kasbga tayyorlanadi.

Kasblarni mustaqil yoki shogirdlikka tushib o‘rganganlarga xalqaro tan olinadigan sertifikatlar berish yo‘lga qo‘yiladi. Buning uchun hududlarda 5 ta Kasbiy malakani baholash markazi tashkil qilinadi.

Tashqi ishlar vazirligiga Buyuk Britaniya, Germaniya, Kanada, Slovakiya, Avstraliya, Yangi Zelandiya kabi mamlakatlarda o‘qish va malaka oshirish, zamonaviy korxonalarda ishlash istagida bo‘lgan fuqarolarga yengillik bo‘lishi uchun viza tartibini soddalashtirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rish topshirildi.

“Ma’lumki, rivojlangan davlatlarda talabalar uchun “Work and Travel” kabi ko‘plab dasturlar bor. Jumladan, o‘zbekistonlik yoshlar ta’til vaqtida chet elga borib, ham bilim olyapti, ham daromad topyapti. Bu dasturlardan foydalanish imkoniyatini oshirish maqsadida, kelgusi yildan Yoshlar ishlari agentligi tomonidan talabalarning yo‘lkira xarajatlari uchun ssuda ajratish yo‘lga qo‘yilishi aytildi”, deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, chet elda mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari bilan muloqotni kuchaytirish, ularning ko‘proq oylik olishiga sharoit yaratish hamda ijtimoiy va huquqiy qo‘llab-quvvatlash lozimligi qayd etildi.


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya Buyuk Britaniya Kanada viza tartibi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing