Kanada AQSHning 51-shtatiga aylanishi mumkin – Tramp Tryudoga tahdid qildi

Olam

image

AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudo bilan uchrashuvda Ottava noqonuniy migratsiya va giyohvand moddalar kontrabandasi muammosini hal qila olmasa, Kanada AQSHning 51-shtatiga aylanishi mumkinligi bilan tahdid qildi. Bu haqda kecha, 2 dekabr kuni manbalariga tayanib, “Fox News” xabar berdi.

Qayd etilishicha, o‘tgan hafta saylangan prezidentning Mar-a-Lago (Florida) qarorgohida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda Tramp Tryudoga agar Ottava AQSHga Kanada chegarasi orqali noqonuniy muhojirlar oqimi bilan bog‘liq vaziyatni tubdan o‘zgartira olmasa, shuningdek, hozirda 100 milliard dollarga yaqin bo‘lgan savdo kamomadini kamaytira olmasa, o‘zining inauguratsiyasi kuni, 2025 yil 20 yanvarda barcha Kanada tovarlariga 25% import bojlarini joriy etishini aytgan. 

O‘z navbatida, Tryudo Amerika ma’muriyatining bo‘lajak rahbariga bunday choralar Kanada iqtisodini o‘ldirishini ta’kidlagan. Bunga Tramp Kanada, ehtimol, AQSHning 51-shtatiga aylanishi mumkin, deb javob bergan. Telekanalning ta’kidlashicha, bu ibora Kanada Bosh vazirining asabiy kulgisiga sabab bo‘lgan.

Uchrashuv ishtirokchilaridan biri hazil bilan voqealar rivoji shunday tus olsa, Kanada juda liberal davlatga aylanishini, Tramp mamlakatni ikki shtatga bo‘lishni taklif qilganini, ulardan biri liberallarga, ikkinchisi esa konservatorlarga moyilligini ta’kidladi. Bundan tashqari, AQSHning saylangan prezidenti Tryudo AQSHning 51-shtati gubernatori bo‘lishi mumkinligini qo‘shimcha qilgan.

“Fox News” telekanaliga ko‘ra, Kanada Bosh vaziri va Tramp o‘rtasidagi uchrashuv taxminan uch soat davom etgan.

Ma’lumot uchun, AQSH, Meksika va Kanada davlatlar o‘rtasida erkin savdo zonasini yaratishni o‘z ichiga olgan uch tomonlama kelishuv (USMCA) bilan bog‘langan. Tramp prezident sifatidagi birinchi kuni, 2025 yil 20 yanvarida noqonuniy immigratsiya va giyohvand moddalar kontrabandasi bilan bog‘liq holda Kanada va Meksikadan kelayotgan barcha tovarlarga 25 foizlik bojlar joriy etishini ma’lum qilgan.

Keyinchalik “The Wall Street Journal”ning yozishicha, bu tahdid kanadalik siyosatchilar va biznesmenlarni hayratda qoldirgan. Kanada umumiy eksportining taxminan to‘rtdan uch qismi Qo‘shma Shtatlarga to‘g‘ri kelganligi sababli, Amerika bozoriga bojsiz kirish Ottavaning iqtisodiy o‘sishi uchun juda muhimdir.

Eslatib o‘tamiz, 28 noyabr kuni Xitoyning davlat ommaviy axborot vositalari AQSHning saylangan prezidenti Donald Trampni fentanil oqimi tufayli Xitoy tovarlariga qo‘shimcha tariflar joriy etish haqidagi va’dasi dunyoning yetakchi ikki iqtisodini o‘zaro halokatli tarif urushiga olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirgandi. Meksika Prezidenti Klaudiya Sheynbaum esa Tramp Oq uyga qaytgach, Meksika uchun 25 foizlik umumiy tarifni joriy qilsa, Meksika ham javob choralarini ko‘rishini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp Kanada Jastin Tryudo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing