Rossiya Kanadadan alamini oldi
Olam
−
22 Sentabr 2022
43972Rossiya javob chorasi sifatida Kanadaning 87 fuqarosi, jumladan ushbu mamlakatning bir qancha viloyatlari rahbarlari, milliy mudofaa vazirlari o‘rinbosarlari va Kiyevga qurol yetkazib beruvchi kompaniyalar rahbariyati uchun mamlakatga kirishini taqiqladi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligining bugun, 22 sentyabr kuni tarqatgan bayonotida aytiladi.
“Kanadada hukmron (Bosh vazir) Jastin Tryudo rejimi tomonidan vaqti-vaqti bilan joriy etilgan Rossiyaga qarshi sanksiyalarga javoban, bu sanksiyalar barcha darajadagi hukumat amaldorlariga, jumladan, mintaqaviy, jurnalistlar, madaniyat arboblari va rasmiy Ottavaga mos kelmaydigan oddiy ruslarga ta’sir ko‘rsatganidan kelib chiqib, Rossiya Federatsiyasiga kirish 87 Kanada fuqarosi uchun yopiladi”, deyiladi xabarda.
Diplomatik vakolatxona veb-saytida e’lon qilingan bayonot matnida sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan shaxslarning ism-sharifi ham keltirilgan.
“Kanada sanksiyalari ro‘yxati kengayishini hisobga olsak, Rossiya tomonidan Kanada fuqarolarini "ro‘yxatga olish" to‘g‘risida yangi e’lonlar keladi. Biz o‘zaro tamoyildan kelib chiqamiz”, deyiladi Rossiya diplomatik departamenti hujjatida.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning iyul oyida Kanada hukumati Rossiya Federatsiyasining 29 nafar jismoniy va 15 nafar yuridik shaxsiga nisbatan sanksiyalar joriy qilgandi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi.
LiveBarchasi