Rossiya “Kalibr”lar bilan Ukraina armiyasi uchun muhim bazani yo‘q qildi
Olam
−
25 mart 2022
19500Rossiya Qurolli Kuchlarining “Kalibr” qanotli raketalari Kiyev yaqinidagi Kalinovka qishlog‘idagi yonilg‘i bazasini yo‘q qildi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi rasmiy vakili Igor Konashenkov ma’lum qilgan.
“24 mart kuni kechqurun “Kalibr” yuqori aniqlikdagi dengiz qanotli raketalari Kiyev yaqinida joylashgan Kalinovka qishlog‘idagi yoqilg‘i bazasiga hujum qildi. Ukraina Qurolli Kuchlarining mamlakat markazidagi harbiy qismlarini yonilg‘i bilan ta’minlaydigan eng katta baza yo‘q qilindi”, deydi Konashenkov.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya Qurolli Kuchlari samolyotlari bir kechada Ukrainaning 51 ta harbiy ob’ektiga, jumladan, Dnepropetrovsk viloyatidagi ikkita Buk-M1 havo mudofaa tizimi va S-300 radariga zarba bergan.
“Kechasi operativ-taktik va armiya aviatsiyasi Ukrainaning 51 ta harbiy ob’ektiga zarba berdi. Ular orasida ikkita qo‘mondonlik punkti, bir nechta raketa tizimlarining uchta moslamasi, ikkita Buk-M1 zenit-raketa majmuasi va Dnepropetrovsk viloyatidagi bitta S-300 yoritgich va yo‘naltiruvchi radar, shuningdek uchta D-30 artilleriya qurollari, raketa-artilleriya qurollari va o‘q-dorilar saqlanadigan ikkita raketa ombori, 26 ta harbiy texnika to‘plangan hudud bor”, deydi Mudofaa vazirligi vakili.
Konashenkovning so‘zlariga ko‘ra, maxsus harbiy operatsiya boshlangandan buyon quyidagilar yo‘q qilingan: 261 ta uchuvchisiz uchish apparati, 204 ta zenit-raketa kompleksi, 1 587 ta tank va boshqa zirhli jangovar texnika, 163 ta ko‘p raketa moslamasi, 636 ta dala artilleriyasi va minomyotlari, shuningdek 1 397 dona maxsus harbiy texnika.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi