Rossiya Qurolli Kuchlari Ukrainaning Xerson shahrini to‘liq egallab oldi
Olam
−
02 mart 2022
13226Ukrainaning Xerson shahri Rossiya Qurolli kuchlari tomonidan to‘liq nazorat ostiga olindi. Bu haqda bugun, 2 mart kuni bo‘lib o‘tgan brifingda Rossiya Mudofaa vazirligi rasmiy vakili Igor Konashenkov ma’lum qilgan.
"Rossiya qurolli kuchlarining bo‘linmalari Xerson viloyati markazini to‘liq nazorat ostiga oldi. Fuqarolik infratuzilmasi, aholi hayotini ta’minlash ob’ektlari va shahar transporti har kuni ishlamoqda. Shaharda oziq-ovqat va zarur tovarlar taqchilligi sezilmaydi", deydi Konashenkov.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Xersonda ijtimoiy infratuzilma ob’ektlarining faoliyatini ta’minlash yuzasidan mutasaddi tashkilotlar bilan ham muzokaralar olib borilmoqda.
Ukrainaning yo‘qotishlari
Ukrainada maxsus harbiy operatsiya boshlangandan beri Rossiya Federatsiyasi Qurolli Kuchlari Ukraina Qurolli Kuchlari harbiy infratuzilmasining 1502 ta ob’ektini ishdan chiqargan.
Hammasi bo‘lib, operatsiya davomida Ukraina harbiy infratuzilmasining 1502 ob’ekti yaroqsiz holga keltirildi. Ular orasida Ukraina qurolli kuchlarining 51 ta qo‘mondonlik punkti va aloqa markazlari, 38 ta S-300 havo mudofaasi raketa tizimlari, “Buk M-1” va “Osa” zenit-raketa komplekslari, 51 ta radar stansiyalari bor.
Unga ko‘ra, yerdagi 47 ta samolyot va havoda 11 ta samolyot, 472 ta tank va boshqa zirhli jangovar texnika, 62 ta reaktiv raketa tizimi, 206 ta dala artilleriya va minomyotlari, 336 ta maxsus harbiy texnika, 46 ta uchuvchisiz uchish apparati yo‘q qilingan.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH va Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi