Kreml Qirg‘izistonga moliyaviy yordam ko‘rsatish nega to‘xtatilganini aytdi

Olam

image

Kreml Qirg‘izistondagi siyosiy vaziyat barqarorlashguncha moliyaviy yordamni to‘xtatib qo‘yishni to‘g‘ri deb biladi. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qilgan. 

“Kreml Qirg‘izistonga siyosiy vaziyat yaxshilanmaguncha, moliyaviy yordamni to‘xtatib qo‘yishdan foyda ko‘radi”, deydi Peskov. 

Rasmiy xabarlarda qayd etilishicha, Qirg‘izistondagi siyosiy vaziyat barqarorlashguniga qadar Moskva Bishkekka moliyaviy ko‘mak ko‘rsatmaydi. 

"Hozirda Qirg‘izistonda an’anaviy Hukumat yo‘q va biz mamlakatda inqirozli holatni kuzatyapmiz. Shuning uchun, albatta, barcha idoralar, barcha tashkilotlar ish boshlashidan oldin, ma’lum bir vaqt tanaffus qilish mantiqan to‘g‘ri, deb bilamiz", deydi Peskov.

Eslatib o‘tamiz, Qirg‘izistondagi siyosiy inqiroz mamlakat parlamenti spikeri va Bosh vazir almashishiga, buning ortidan esa Prezident iste’fo berishiga olib keldi. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 oktyabr kuni Qirg‘izistonda navbatdagi parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Saylovning dastlabki natijasidan norozi partiyalar tarafdorlari Bishkekda norozilik namoyishini boshladi. Keyinroq namoyish tartibsizlikka aylanib ketdi. 

Namoyishchilar avvalo mamlakat parlamenti binosi – Oq uyni egalladi. Bu binoda Prezident Administratsiyasi ham joylashgan. 6 oktyabr ertalab Hukumat binosi ham namoyishchilar qo‘liga o‘tgani ma’lum bo‘ldi.

Bundan tashqari, aksiya ishtirokchilari Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi binosiga bostirib kirib, u yerda saqlanayotgan sobiq Prezident Almazbek Atamboyevni ozod qildi. Shuningdek, siyosiy mahbuslardan sobiq Bosh vazir Sapar Isakov ham qamoqdan chiqarildi. Ozod qilinganlar orasida Bishkek shahrining sobiq meri Albek Ibraimov ham bor.

Sooronbay Jeenbekov yuz berayotgan tartibsizliklar bo‘yicha bayonot berib, ba’zi siyosiy kuchlar davlat hokimiyatini noqonuniy ravishda egallab olishga uringanini aytib o‘tdi.

Namoyishlar avj olgan pallada Markaziy saylov komissiyasi saylov natijalarini tan olmaslik haqida qaror qabul qildi.

Hozirgacha Jo‘qorg‘u Kenesh spikeri Dastan Jumabekov va mamlakat Bosh vaziri Kubatbek Boronov iste’foga chiqdi. Keyinroq parlamentga Kanat Isayev spiker etib saylandi.

O‘zbekiston qo‘shni Qirg‘izistonda yuz berayotgan voqealarga munosabat bildirib, jiddiy tashvishda ekanini bildirdi.

Jeenbekov vaziyatni izga solish uchun 9 oktyabr kuni Bishkekda favqulodda holat e’lon qildi. Keyinroq bu rejim yana uzaytirildi. Harbiylarning Bishkekka kirishi natijasida namoyishlar va talonchiliklar to‘xtadi.

Bugun, 15 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Hukumati Qirg‘izistonning yangi Hukumatini tan oldi


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'izistondagi vaziyat

Baholaganlar

103

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing