Rossiya G‘arbga qarshi javob sanksiyalari tayyorladi 

Olam 29673
image
-

Rossiya tez orada G‘arb davlatlari siyosatchilari, tadbirkorlari va boshqa shaxslarga nisbatan shaxsiy sanksiyalar ro‘yxatini e’lon qiladi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Ryabkov ma’lum qildi.  

“Ro‘yxatlar tayyor. Biz bu bilan shug‘ullanyapmiz. Sanksiyalarga qay tarzda va qanday miqyosda javob berishni belgilash noto‘g‘ri bo‘lsa kerak”, degan u. 

Diplomatning so‘zlariga ko‘ra, javobni ishlab chiqish chog‘ida Moskva “bosiqlik ko‘rsatadi”. Shu bilan birga, Ryabkovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya rasmiylari kiritilgan cheklovlardan ko‘rilgan zararni minimallashtirish imkoniyatiga ega. 

“Biz bilardik va hozir ham bilamizki, amerikaliklardan istalgan vaqtda har qanday hiyla-nayrang kutish mumkin. Biz hozir yuzaga kelgan vaziyatga tayyorlanayotgan edik. Bu maxsus operatsiyaga bog‘liq emas”, degan u. 

Ryabkovning fikricha, Rossiya bilan munosabatlarda Qo‘shma Shtatlar “yomondan yomon” strategiyasiga amal qilmoqda. 

“Agar AQSHning ketma-ket ma’muriyatlari sa’y-harakatlari bilan munosabatlarimiz yomondan yomonga siljishini ko‘rayotgan bo‘lsak, qanday ishonch haqida gapirish mumkin”, deya qo‘shimcha qilgan Ryabkov. 

Avvalroq, AQSH Moliya vazirligi Rossiyadan mamlakatga dengiz mahsulotlari, spirtli ichimliklar va olmos importi bo‘yicha operatsiyalarni yakunlash uchun so‘nggi muddati etib joriy yilning 25 martini belgilagandi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.

Rushana Sultonova
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 200
Reyting: 3
t
×