Rossiya endi hech qachon G‘arbga ishonmaydi – Peskov

Olam

image

Rossiya endi hech qachon G‘arbga ishonmaydi, Ukrainadagi vaziyat sabab yuzaga kelgan inqiroz uzoq davom etadi. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov NBC telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi. Suhbat kecha, 20 iyun kuni e’lon qilindi.

“Ha, bu uzoq inqiroz bo‘ladi. G‘arbga endi hech qachon ishonmaymiz”, degan Peskov ingliz tilida.

Intervyu olgan jurnalist Key Simmonsning aytishicha, Peskov bilan suhbat bir soatdan ko‘proq davom etgan bo‘lsa-da, efirga prezident matbuot kotibining bir nechta iqtibosli fragmentlari uzatilgan. Ularda Peskov Ukrainada hibsga olingan amerikalik yollanma askarlar, giyohvand moddalarni kontrabanda qilishga urinib, hibsga olingan amerikalik Britni Griner, shuningdek, inqirozning rivojlanish istiqbollari haqida fikr bildirgan. Telekanal intervyuning to‘liq ko‘rinishi ko‘rsatilishiga aniqlik kiritmadi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Dmitriy Peskov

Baholaganlar

27

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing