Peskov AQSH razvedka rahbarining Moskvaga yashirincha borganiga izoh berdi
Olam
−
16:52 3996 1 daqiqa
Rossiya Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) direktori Jon Retkliffning Moskvaga tashrifi ikki mamlakat maxsus xizmatlari o‘rtasidagi aloqalar bilan bog‘liq bo‘lganini ma’lum qildi. Bu haqda TASS xabar berdi.
Peskovning “The Washington Post” gazetasiga aytishicha, Retkliffning tashrifi doirasida “maxsus xizmatlar o‘rtasidagi aloqalar” amalga oshirilgan. Biroq u uchrashuvlarning tafsilotlarini oshkor qilmagan.
Rossiya Prezidentining matbuot kotibi, shuningdek, Retkliffning Vladimir Putin bilan uchrashuvi bo‘lmaganini ta’kidlagan. Peskovning aytishicha, MRB rahbarining Rossiya Prezidenti bilan uchrashuvi rejalashtirilmagan.
Shuningdek, Peskov Rossiya va AQSH maxsus xizmatlari o‘rtasidagi bunday aloqalar ikki tomonlama munosabatlarning eng murakkab davrlarida ham davom etishini aytgan. Biroq tashrifning Rossiya-AQSH munosabatlariga ta’siri haqida xulosa chiqarishga hali erta ekanini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Jon Retkliff Rossiya poytaxti Moskvaga kecha, 25 avgust kuni e’lon qilinmagan muzokaralar uchun borgani haqida xabar berilgan edi.