Rossiya delegatsiyasi Ukraina bilan muzokara joyiga yetib bordi
Olam
−
07 mart 2022
9424Rossiya delegatsiyasi Ukraina bilan muzokaralar o‘tkazish uchun Belarusga bordi. Delegatsiya bo‘lgan samolyot Brest aeroportiga qo‘ndi, deb xabar bermoqda Rossiya davlat matbuoti.
Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, muzokaralarning uchinchi bosqichi mahalliy vaqt bilan soat 15:00 da boshlanishi mumkin. Ammo na Rossiya, na Ukraina tomonlari muzokaralar boshlanish vaqtini rasman e’lon qilmagan.
Bu ikki tomonning kelishuvga erishish uchun uchinchi urinishi bo‘ladi. Muzokaralarning dastlabki ikki bosqichi tomonlarning insonparvarlik yo‘laklari kerakligi haqida kelishib olishiga olib keldi.
Ammo amalda ma’lum bo‘ldiki, gumanitar yo‘laklarni tashkil etishga urinishlar hozircha barbod bo‘lgan: sukunat rejimiga rioya etilmagan, aholi tinimsiz o‘q uzishi tufayli yo uyi va boshpanalarini tark eta olmadi yoki yo‘lda halok bo‘lish xavfi bor edi.
Ammo gumanitar koridorlar bo‘yicha dastlabki urinishlar barbod bo‘ldi. Otishmalar tinmagani sababli aholining uylaridan chiqishi xavfli bo‘lib qoldi. Moskva Rossiya va Belarusga olib boruvchi insonparvarlik yo‘laklarini taklif qildi. Kiyev bu taklifni rad etdi.
Bugun Rossiya Kiyev, Xarkov, Sumi va Mariupol shaharlarida sukunat rejimi o‘rnatilganini e’lon qildi. Ammo bu qanday yakunlanishi hozircha noma’lum.
Ma’lumot o‘rnida, Rossiya-Ukraina muzokaralarining ikkinchi raundi 3 mart kuni Belovejda, birinchi raundi 28 fevral kuni Belarusning Gomel viloyatida bo‘lib o‘tdi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi