Rossiya boshchiligidagi referendumlar soxta – Yevropa Kengashi rahbari

Olam

image

Yevropa Ittifoqi sepataristlar nazoratidagi “Donetsk va Lugansk xalq respublika”lari deb ataluvchi hududlar va Rossiya nazoratidagi Xerson va Zaporoje viloyatlarida o‘tkazilgan bir tomonlama “referendum”larni tan olmaydi. Bu haqda Yevropa Kengashi rahbari Sharl Mishel ma’lum qildi.

“Soxta referendum. Soxta natijalar. Biz na birini, na boshqasini tan olmaymiz”, deb yozdi Mishel Twitter’da.

Bungacha BMT, Ukraina va qator G‘arb davlatlari Ukraina sharqida o‘tkazilgan bir tomonlama "referendum"larni tan olmasligini ma’lum qildi.

Rossiya Federatsiyasi tarkibiga qo‘shilish bo‘yicha referendumlar 23 sentyabr kuni bir vaqtning o‘zida to‘rtta mintaqada –DXR, LXR, Xerson va Zaporoje viloyatlarida boshlandi. Ayni paytda barcha hududlarda ovoz berish yakunlandi, ovozlar sanab chiqilmoqda. Mintaqaviy saylov komissiyalari ma’lumotlariga ko‘ra, ovoz berganlarning aksariyati ushbu hududlarni Rossiya Federatsiyasi tarkibiga sub’ekt sifatida kiritish tarafdori bo‘lgan.

Rossiya Federatsiyasidagi saylov uchastkalaridan olingan natijalar

100% protokollarni qayta ishlash natijalari bo‘yicha DXRning Rossiyaga qo‘shilishi 98,69% saylovchi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. 

Protokollarning 100% qayta ishlanishi natijasida LXRning Rossiyaga qo‘shilishi 97,93% saylovchi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. 

100% protokollarni qayta ishlash natijalari bo‘yicha Zaporoje viloyatining Rossiya Federatsiyasiga kirishi 97,81% saylovchi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. 

100% protokollarni qayta ishlash natijalari bo‘yicha Xerson viloyatining Rossiya Federatsiyasi tarkibiga kirishi 96,75% saylovchi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. 


Maqola muallifi

Teglar

referendum

Baholaganlar

9

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing