Qozog‘istonda referendum oldidan “sukut kuni” boshlandi
Olam
−
10:09 910 2 daqiqa
Bugun, 14 mart kuni Qozog‘istonda yangi Konstitutsiya bo‘yicha referendum oldidan “sukut kuni” boshlandi. Bu haqda “Nur.kz” xabar berdi.
Mamlakat qonunchiligiga ko‘ra, “sukut kuni” referendumdan bir kun oldin o‘tkaziladi. Shu kundan boshlab har qanday saylovoldi tashviqoti taqiqlanadi.
Markaziy saylov komissiyasi raisi Nurlan Abdirovning aytishicha, “sukut kuni” davomida referendumni qo‘llab-quvvatlash yoki unga qarshi tashviqot olib borish mumkin emas. Oldin joylashtirilgan materiallar olib tashlanmaydi, biroq ularni ijtimoiy tarmoqlarda qayta tarqatish taqiqlanadi.
Komissiya a’zosi Lazzat Suindikning ma’lum qilishicha, 14 mart kuni referendumni qo‘llab-quvvatlovchi yoki unga qarshi har qanday nashrlar taqiqlanadi. Shuningdek, ertaga, 15 mart kuni so‘rov natijalarini e’lon qilish ham mumkin emas. Qoidani buzgan fuqarolar va tashkilotlar ma’muriy javobgarlikka tortiladi.
Ma’lumot uchun, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev 2026 yil 15 mart kuni yangi Konstitutsiya bo‘yicha umumxalq referendumini o‘tkazish to‘g‘risida farmon imzolagandi. Yangi Konstitutsiya loyihasining to‘liq matni e’lon qilingan. Agar hujjat referendumda qabul qilinsa, u 2026 yil 1 iyuldan kuchga kiradi. Markaziy saylov komissiyasi fuqarolar referendumda yangi Konstitutsiyani qabul qilish yoki rad etish bo‘yicha ovoz berishini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonda yangi Konstitutsiya bo‘yicha referendumni tashkil etish va o‘tkazish uchun hukumat zaxirasidan 20,7 milliard tenge (taxminan 40 mln dollar) ajratilgandi.
Live
Barchasi