Yangi Konstitutsiya: Qozog‘istonda referendum o‘tkazish qanchaga tushishi aytildi

Olam

image

Qozog‘istonda yangi Konstitutsiya bo‘yicha referendumni tashkil etish va o‘tkazish uchun hukumat zaxirasidan 20,7 milliard tenge (taxminan 40 mln dollar) ajratilgan. Bu haqda “Nur.kz” so‘roviga javoban Qozog‘iston Respublikasi Moliya vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, shundan 20,6 milliard tenge Qozog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi faoliyati uchun yo‘naltirilgan.

“Mablag‘larning asosiy qismi – 15,6 milliard tenge (yoki 75 foiz) barcha darajadagi referendum komissiyalarining 71 044 nafar a’zosi mehnatiga haq to‘lashga sarflanadi. 4,9 milliard tenge (yoki 25 foiz) esa tashkiliy tadbirlarga (axborot bilan ta’minlash, poligrafiya va bosma mahsulotlar, barcha darajadagi komissiyalar faoliyatini ta’minlash) yo‘naltiriladi”, deyiladi vazirlik izohida.

Bundan tashqari, yana 123,6 million tenge Qozog‘iston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga ajratilgan bo‘lib, bu mablag‘ 62 davlatdagi 80 ta xorijdagi saylov uchastkasiga xodimlarni xizmat safariga yuborish uchun mo‘ljallangan.

Qayd etilishicha, referendum bilan bog‘liq tadbirlarni moliyalashtirish va boshqa jihatdan ta’minlashda xalqaro tashkilotlar, xalqaro jamoat birlashmalari, xorijiy davlat organlari, yuridik shaxslar va fuqarolar, shuningdek fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning bevosita yoki bilvosita ishtiroki taqiqlanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonning yangi konstitutsiyasi loyihasida so‘z erkinligi va axborot tarqatish erkinligi boshqa shaxslarning sha’ni va qadr-qimmatiga, shuningdek,  fuqarolarning sog‘lig‘iga daxl qilmasligi kerakligi belgilangani haqida xabar berilgan edi.

Kecha, 11 fevral kuni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev 2026 yil 15 mart kuni mamlakatda yangi Konstitutsiya loyihasi bo‘yicha umumxalq referendumini o‘tkazish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Qozog‘iston Konstitutsiyasi matnining 84 foizi qayta yoziladi, tuzatishlar esa 77 ta moddani qamrab oladi.

Joriy yilning 20 yanvar kuni Qizilo‘rdada bo‘lib o‘tgan Milliy qurultoyning V yig‘ilishida Prezident To‘qayev mamlakat bir palatali parlament tizimiga qaytishi va u Qurultoy deb nomlanishi, vitse-prezident lavozimi tiklanishi, davlat maslahatchilari lavozimi tugatilishi, shuningdek, Konstitutsiyaga qator o‘zgartirishlar kiritilishini aytgan edi

Ma’lumot uchun, Qozog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasi bugungacha 6 marta o‘zgargan va so‘nggi o‘zgarish 2022 yilda bo‘lgan edi. 

Konstitutsiyaviy o‘zgarishlar:

1998 yilda – prezident va parlament deputatlarining vakolat muddatlari uzaytirildi. 2007 yil – proporsional saylov tizimiga o‘tildi va Birinchi Prezidentga cheksiz marta saylanish huquqi berildi. 2011 yil – muddatidan oldin prezidentlik saylovlarini o‘tkazish tartibi belgilandi. 2017 yil – ayrim prezidentlik vakolatlari parlament va hukumatga o‘tkazildi. 2019 yil – poytaxt nomi Nur-Sulton deb o‘zgartirilishi munosabati bilan tuzatish kiritildi. 2022 yil – umumxalq referendumi orqali Konstitutsiyaning uchdan bir qismi (33 ta modda) o‘zgartirildi. Prezidentlik muddati 7 yil – bir martalik etib belgilandi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Konstitutsiya referendum

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing