Aka, bu bo‘lgan-ku! Qozog‘istonda yana konstitutsiya o‘zgarishi aytildi

Olam

image

Qozog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasi matnida bir qator noaniqliklar va xatolar mavjud bo‘lib, ular huquqshunoslar va tilshunoslar tomonidan bartaraf etilishi kerak. Yanada aniq aytganda, Konstitutsiya yana o‘zgarishlar yoqasida. Bu haqdagi mujdani mamlakat Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bugun, 20 yanvar kuni Qizilo‘rdada bo‘lib o‘tgan Milliy qurultoyning V yig‘ilishidagi chiqishida berdi. 

“Konstitutsiyamiz matnida ayrim xatolar borligi aniqlandi. O‘z vaqtida terminologik va uslubiy noaniqliklarga yo‘l qo‘yilgan. Konstitutsiyaviy islohot doirasida bu bo‘shliqlarni ham to‘ldirishimiz kerak. Bu ishlarga nafaqat huquqshunoslar, balki til sohasidagi malakali mutaxassislar ham jalb etiladi”, deydi u. 

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, konstitutsiyaning muqaddimasi alohida e’tiborga loyiq bo‘lib, uni milliy qadriyatlarni to‘liq aks ettiradigan va zamondan qat’i nazar o‘z dolzarbligini saqlab qoladigan tarzda qayta yozish kerak. 

Uning qo‘shimcha qilishicha, yangi muqaddimada qozoq zaminidagi sivilizatsiya va davlatchilik tarixi chuqur ildizlarga ega ekanligi aytilishi kerak.  

“Bu bilan biz Qozog‘iston Buyuk dashtdagi buyuk davlatlarning merosxo‘ri ekanini ko‘rsatishimiz kerak”, deydi Prezident.

Shu munosabat bilan Prezident Qozog‘istonda konstitutsiyaviy komissiya tuzishni topshirdi, u mamlakatning asosiy qonuniga bo‘lajak o‘zgarishlar – bir palatali parlamentga o‘tish, vitse-prezident lavozimini joriy etishni tayyorlaydi, shuningdek, uning yordamida referendum sanasini belgilaydi. 

To‘qayevning ta’kidlashicha, 2022 yilgi referendumda fuqarolar konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish tarafdori bo‘lganida, asosiy qonunda 33 ta modda o‘zgargan, hozir esa o‘zgarishlar yanada keng ko‘lamli.  Davlat rahbari bu jarayonni yangi konstitutsiya qabul qilish bilan qiyoslash mumkinligini aytdi.  

“Shuning uchun konstitutsiyaviy komissiya tuzishga qaror qildim. Ertaga maxsus farmonga imzo chekaman”, deydi u. 

To‘qayevning ta’kidlashicha, komissiya tarkibiga 100 dan ortiq kishi kiradi va unga Konstitutsiyaviy sud raisi rahbarlik qiladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, komissiya barcha takliflarni o‘rganib chiqadi va shundan so‘ng rasmiylar umummilliy referendum o‘tkazish muddatlarini belgilaydi. 

To‘qayev Milliy qurultoy yig‘ilishida, shuningdek, parlamentni besh yilga saylanadigan 145 nafar deputatdan iborat Qurultoy deb atashni taklif qilayotganini ta’kidladi. Davlat rahbari davlat maslahatchisi lavozimi tugatilishini ma’lum qildi. 

“Barcha o‘zgarishlar konstitutsiyada qayd etilishi kerak”, deydi To‘qayev. 

Avvalroq To‘qayev vitse-prezident lavozimini joriy etish tarafdori bo‘lgan, o‘tgan yilning sentyabr oyida ikki palatali parlamentdan bir palatali parlamentga o‘tish bilan islohot o‘tkazishni taklif qilgan edi. O‘shanda u islohotni muhokama qilish kamida bir yil davom etishini, 2027 yilda esa referendum o‘tkazilishi mumkinligini aytgandi. Uning aniq sanasi ma’lum qilinmagan.

O‘zgarib, o‘zgartirilib yirtilmagan Qozog‘iston konstitutsiyasi

Qozog‘iston Respublikasining amaldagi Konstitutsiyasi 1995 yil 30 avgustda umumxalq referendumi orqali qabul qilingan. Mustaqil Qozog‘istonning birinchi Konstitutsiyasi esa 1993 yilda qabul qilingan edi.

1995 yildan buyon Bosh qomusga jami 6 marta (yirik paketli) o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan: 

•    1998 yil — Prezident va Parlament a’zolarining vakolat muddatlariga o‘zgartirish kiritildi;
•    2007 yil — Prezidentlik boshqaruvidan parlament-prezidentlik tizimiga o‘tish elementlari kiritildi va Parlament roli kuchaytirildi;
•    2011 yil — Navbatdan tashqari prezidentlik saylovlarini o‘tkazishning konstitutsiyaviy asoslari belgilandi;
•    2017 yil — Prezidentning ayrim vakolatlari Parlament va Hukumatga o‘tkazildi;
•    2019 yil — Poytaxt nomi Ostonadan Nur-Sultonga o‘zgartirilishi munosabati bilan o‘zgartirish kiritildi;
•    2022 yil — Eng yirik islohot amalga oshirilib, referendum orqali Konstitutsiyaning uchdan bir qismiga o‘zgartirish kiritildi (prezidentlik muddati 7 yillik bir martalik etib belgilandi va boshqalar). 

2022 yil 5 iyunda o‘tkazilgan umumxalq referendumi natijasida Qozog‘iston Konstitutsiyasidan Birinchi Prezident Nursulton Nazarboyevning maqomi va imtiyozlari bilan bog‘liq barcha bandlar chiqarib tashlandi.

Yangilangan Konstitutsiyadan quyidagi asosiy normalar olib tashlandi:
“Yelbasi” (Millat yetakchisi) maqomi — Konstitutsiyaning bir necha moddalarida uchraydigan Nazarboyevning “Yelbasi” sifatidagi alohida maqomi va daxlsizligi haqidagi qoidalar bekor qilindi.

Cheklanmagan marta saylanish huquqi — Birinchi Prezidentga nisbatan qo‘llanilgan “ketma-ket ikki martadan ortiq saylanish taqiqi taalluqli emasligi” haqidagi imtiyoz (42-moddaning 5-bandi) olib tashlandi.

Mustaqil Qozog‘iston asoschisi maqomi — Konstitutsiyaning 91-moddasidan Birinchi Prezidentni mustaqil Qozog‘iston asoschisi va uning asosiy tamoyillarining o‘zgarmasligi kafolati sifatida belgilovchi jumlalar chiqarildi.

Daxlsizlik va alohida vakolatlar — Nazarboyev va uning oila a’zolarining jinoiy javobgarlikdan umrbod daxlsizligi hamda Xavfsizlik Kengashi va Qozog‘iston xalqi Assambleyasiga umrbod raislik qilish huquqi Konstitutsiyadan olib tashlandi. 

Ushbu o‘zgarishlar natijasida “Birinchi Prezident — Elboshi to‘g‘risida”gi alohida konstitutsiyaviy qonun ham o‘z kuchini yo‘qotdi.

Konstitutsiya yangilangach, 2022 yilning 20 noyabr kuni navbatdan tashqari bo‘lib o‘tgan Qozog‘iston Prezidenti saylovida 2019 yildan buyon mamlakat boshida turgan Qosim-Jomart To‘qayev 81,31 foiz ovoz to‘pladi. Qolganlar esa To‘qayevdan ancha orqada.

Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, To‘qayevga  saylovda qatnashganlarning 81,31 foizi yoki 6 456 392 kishi, “Ovul” Xalq demokratik partiyasidan nomzod Jiguli Dayrabayevga 3,42 foiz yoki 271 641 kishi, “Ijtimoiy ishchilar alyansi” tomonidan ko‘rsatilgan Karakat Abdenga 2,60 foiz yoki 206 206 kishi, Qozog‘iston “Amanat” kasaba uyushmalari hamdo‘stligidan nomzod Meyram Kajikenga 2,53 foiz yoki 200 907 kishi, “Milliy” sotsial-demokratik partiyasidan o‘z nomzodini ko‘rsatgan, Nurlan Auyesbayevga 2,22 foiz yoki 176 116 kishi, "Qozoq onalari - bojxonaga yo‘l" uyushmasidan Saltanat Tursinbekovaga 2,12 foiz yoki 168 731 kishi ovoz bergan. Ovoz berishda qatnashganlarning 5,8 foizi yoki 460 484 kishi barcha nomzodlarga qarshiligini ifoda etgan.

Bunga Qosim-Jomart To‘qayev 7 yildan ortiq prezident lavozimini egallamasligi, konstitutsion o‘zgarishlarga sodiq qolishini bir necha bor ta’kidlagan. So‘nggi bor u 2025 yilning “Al Jazeera” telekanaliga bergan intervyusida mazkur masalaga to‘xtalib, shunday degan edi: 

“2029 yilda men iste’foga chiqishimni allaqachon e’lon qilganman. Chunki bu xalqimning va shaxsiy talabim.

Prezident Xudoning elchisi emas. U o‘z xalqi tomonidan saylangan davlat boshqaruvchisi. Bizda esa bor-yo‘g‘i yetti yilga”, degan davlat rahbari. 

2026 yilda kutilayotgan Konstitutsion o‘zgarishdan keyin uning prezidentlikdagi muddati nollashishi qonunan cheklangan, lekin hozircha bir narsa deyish qiyin. 

Konstitutsiyaning 42-moddasiga binoan, Qozog‘iston Prezidenti faqat bir marta 7 yillik muddatga saylanishi mumkin. Qayta saylanish qat’iyan taqiqlangan. Konstitutsiyaning 91-moddasiga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, prezidentlik muddati (7 yil) va bir martalik cheklov haqidagi qoidalar hech qachon o‘zgartirilmaydigan (mutlaq) normalar sifatida belgilangan. Hatto, kelgusi konstitutsiyaviy islohotlar yoki referendumlar orqali ham bu bandni o‘zgartirish taqiqlanadi.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, 2026 yilda hech qanday “nollashish” sodir bo‘lmaydi, deb ishoniladi. Qosim-Jomart To‘qayevning joriy prezidentlik muddati 2029 yilda tugaydi va u amaldagi Konstitutsiyaga ko‘ra qayta saylanish huquqiga ega emas. 2026 yilda konstitutsiyaviy o‘zgarishlar yuz bergan taqdirda ham, prezidentlik muddatiga oid cheklovlar daxlsiz qoldirilishi qonun bilan kafolatlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Qosim-Jomart To'qaev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing