Qozog‘istonda yangi Konstitutsiya bo‘yicha referendum o‘tkazilmoqda
Olam
−
10:26 245 2 daqiqa
Bugun, 15 mart kuni Qozog‘istonda yangi Konstitutsiyani qabul qilish bo‘yicha referendum o‘tkazilmoqda. Ovoz berish uchastkalari ertalab soat 07:00 da ochildi. Bu haqda NUR.KZ xabar berdi.
Qozog‘iston Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotiga ko‘ra, byulletenlarda faqat bitta savol mavjud: “2026 yil 12 fevral kuni ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan Qozog‘iston Respublikasi ning yangi Konstitutsiyasi loyihasini qabul qilasizmi?”. Fuqarolar ushbu savolga faqat “ha” yoki “yo‘q” deb javob berishi mumkin.
Ovoz berish uchastkalari soat 20:00 gacha ishlaydi. Saylov uchastkalari fuqarolarning doimiy yashash manzili bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan joyiga qarab belgilanadi. Mahalliy ijroiya organlari muayyan manzilda ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolar ro‘yxatini shakllantiradi. Vaqtincha ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolar esa ariza asosida ro‘yxatga kiritiladi.
Mamlakat bo‘ylab jami 10 413 ta referendum uchastkasi ishlaydi. Ularning 9 779 tasi fuqarolarning doimiy ro‘yxatdan o‘tgan joylarida, yana 634 tasi esa vaqtincha bo‘lib turgan joylarda tashkil etilgan.
Fuqarolar o‘z ovoz berish uchastkasini yashash joyidagi mahalliy ijroiya organiga murojaat qilish orqali bilib olishi mumkin. Agar ro‘yxatda bo‘lmasa, fuqaro hokimiyatga ariza berib, ro‘yxatga kiritilishini talab qilish huquqiga ega.
Shuningdek, fuqarolar shaxsiy identifikatsiya raqami orqali ham o‘z ovoz berish uchastkasini tekshirishi mumkin. Ro‘yxatdan o‘tgan joyidan tashqarida ovoz berish uchun fuqarolar 2026 yil 14 mart soat 18:00 gacha o‘z uchastkalarining komissiyasiga yozma ariza topshirishi va shaxsni tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatishi kerak bo‘lgan. Shundan so‘ng komissiya maxsus ovoz berish guvohnomasini beradi.
Ovoz berish kuni fuqaro ushbu guvohnoma va shaxsini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etadi. Shundan keyin komissiya uni referendum ishtirokchilari ro‘yxatiga kiritib, byulleten beradi. Bunday guvohnoma faqat bir marta ishlatiladi va ovoz berilgan uchastkada qoldiriladi.
Shuningdek, fuqarolar uyida turib ham ovoz berishi mumkin. Buning uchun ular 15 mart kuni soat 12:00 gacha uchastka komissiyasiga ariza topshirishi lozim.
Ovoz berish kuni va undan oldingi kuni har qanday targ‘ibot taqiqlangan. Shuning uchun to‘ldirilgan byulletenni boshqalarga ko‘rsatish yoki ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilish targ‘ibot sifatida baholanishi mumkin va bu ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Shu bois fuqarolarga byulletenni hech kimga ko‘rsatmasdan, buklangan holda ovoz berish qutisiga tashlash tavsiya etilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, referendumda ishtirok etish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolar soni 12 million 416 ming 759 nafarni tashkil qiladi. Referendum natijalari bo‘yicha rasmiy bayonot ovoz berishdan keyin yetti kun ichida e’lon qilinishi kutilmoqda. Agar yangi Konstitutsiya qabul qilinsa, u 2026 yil 1 iyuldan kuchga kiradi. Shu kungacha amaldagi parlament o‘z faoliyatini davom ettiradi.
Live
Barchasi