Rossiya asosiy kuchlarini Ukrainaning qaysi shahariga yo‘naltirgani aytildi

Olam

image
0:00
0:00
download

Rossiya armiyasi Izyum yo‘nalishida hujum qilish uchun 25 tagacha batalon taktik guruhlarini to‘pladi. Bu haqda juma kuni Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi ma’lum qildi.

Xabarga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari Zarechnoye qishlog‘iga bostirib kirib, Rubijnoye, Novotoshkovskoye, Popasnaya va Marinka aholi punktlari hududida oldinga harakatlanmoqda.

“So‘nggi 24 soat ichida Donetsk va Lugansk viloyatlari hududida Rossiya qo‘shinlarining o‘nta hujumi qaytarildi, oltita tank, sakkizta zirhli texnika va o‘n beshta texnika, to‘rtta artilleriya tizimi yo‘q qilindi”, deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, Rossiya Aerokosmik kuchlarining uchta samolyoti va uchta vertolyoti, shuningdek, to‘qqizta “Orlan-10” dronlari urib tushirilgan. Urush boshlanganidan beri Ukraina Qurolli kuchlari 21,2 mingga yaqin rossiyalik harbiyni yo‘q qilgan.

24 fevraldan 22 aprelgacha bo‘lgan davrda Rossiya armiyasining jangovar yo‘qotishlari taxminan: 838 ta tank, 2162 ta zirhli jangovar mashina, 397 ta artilleriya tizimi, 138 ta yalpi hujum reaktiv tizimlari, 69 ta havo hujumidan mudofaa vositalari, 176 ta samolyot, 153 ta vertolyot, 8 ta kema/qayiq va boshqalardan iborat bo‘lgan.

25 mart kuni Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi Ukrainadagi “maxsus operatsiya” chog‘ida 1351 nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lgani va 3825 kishi yaralangani haqida xabar bergan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

39

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing