Rossiya asosiy kuchlarini beshta shaharni egallashga qaratdi – Ukraina
Olam
−
07 mart 2022
16800Rossiya harbiylari Ukrainaga qarshi hujum operatsiyasini davom ettirib, asosiy kuchlarni Kiyev, Xarkov, Chernigov, Sumi va Nikolayev shaharlarini qamal qilishga qaratmoqda, shunindek Kiyevga hujum qilish uchun resurslarni to‘plashga o‘tdi. Bu haqda Ukraina Qurolli kuchlari bosh shtabi ma’lum qildi.
“Dushman Ukrainaga qarshi hujum operatsiyasini davom ettirib, asosiy sa’y-harakatlarini Kiyev, Xarkov, Chernigov, Sumi va Nikolayev shaharlarini o‘rab olishga, Lugansk va Donetsk viloyatlaridagi ma’muriy chegaralarga yetib borishga, Qrimning TOT AR hududidan Mariupol - Novoazovsk yo‘nalishida quruqlik yo‘lagini yaratishga qaratmoqda. Bosqinchilar o‘n bir kunlik harbiy harakatlar davomida yakuniy maqsadga erisha olmadilar. Dushman guruhlari Kiyevga hujum qilish uchun resurs to‘plashga o‘tdi”, deyiladi xabarda.
Shu bilan birga, rus qo‘shinlari Polesskiy, Seversk, Donetsk va Tavrid yo‘nalishlarida hujumga tayyorgarlik ko‘rishdan ham voz kechmayapti.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi