Rossiya allaqachon urushni boy berdi – Oq uy
Olam
−
05 may 2022
14743Rossiya Federatsiyasi hukumati Ukrainaga keng miqyosli bosqin boshlanishidan oldin o‘z oldiga qo‘ygan barcha maqsadlari yo‘lida muvaffaqiyatsizlikka uchradi va g‘alaba haqidagi o‘z g‘oyalari nuqtai nazaridan urushni boy berdi. Bu haqda Vashingtondagi brifingda Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki ma’lum qildi, deya xabar beradi “Ukrinform”.
“Ruslar buni (o‘z g‘alabasini - tahr.) o‘zlari uchun qanday belgilaganini e’tibordan chetda qoldirmaslik kerak. Ular allaqachon yutqazishdi”, deydi Bayden ma’muriyati vakili.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Kreml Ukraina hududining muhim qismini, shu jumladan shimolni ham egallab olishni rejalashtirgan, biroq ular buni uddalay olmagan.
“Prezident Putin Kiyev ko‘chalarida marsh o‘tkazmaydi. Ular bu mamlakatning hududiy yaxlitligi va suverenitetini tortib olmaydi. Ular NATOni parchalay olishmadi”, deya ta’kidlagan Psaki.
Shu munosabat bilan Oq uy matbuot kotibining ta’kidlashicha, hozirgi bosqichda Qo‘shma Shtatlar ham jang maydonida qurol-yarog‘ni kuchaytirish, ham Ukraina tomonining har qanday ehtiyojlarini ta’minlash orqali Kiyevning muzokaralar stolidagi pozitsiyasini mustahkamlashga harakat qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Jo Bayden Qo‘shma Shtatlar Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar qo‘llashni istisno qilmasligini va bu masalani G7 davlatlari bilan muhokama qilishni rejalashtirayotganini aytdi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi