Rasman! YeI Rossiyaga qarshi sanksiyalarning “yettinchi paketi”ni tasdiqladi

Olam

image

Yevropa Ittifoqi Rossiyadan oltin olib kirishni taqiqlashni o‘z ichiga olgan yettinchi sanksiyalar paketini ma’qulladi. Bu haqda Litvaning Yevropa Ittifoqidagi doimiy vakili Arnoldas Pranskyavichyus ma’lum qildi.

“Yevropa Ittifoqi davlatlarining doimiy vakillari qo‘mitasida biz hozirgina Rossiyaga qarshi sanksiyalarning yangi paketini ma’qulladik. Yangi sanksiyalar paketiga oltinni taqiqlash, yangi eksport nazorati va “Sberbank” aktivlarini muzlatish ham kiritilgan”, deydi u.

Pranskyavichyusga ko‘ra, cheklovlar 50 dan ortiq jismoniy va yuridik shaxslarga xam tegishli bo‘ladi.

“Yangi sanksiyalar raketi 21 iyul kuni kuchga kiradi. Ularni tasdiqlash tartibi ertaga yakunlanadi”, deyiladi Chexiyaning Yevropa Ittifoqidagi vakolatxonasi ma’lumotida. 

Iyun oyining boshida Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning oltinchi paketini rasman joriy qilgan edi. Unda asosiy chora Rossiyadan neft yetkazib berishga qisman embargo qo‘yish bo‘ldi. Taqiq “Drujba” quvuri orqali yetkazib beriladigan xomashyoni o‘z ichiga olmadi. YeI davlatlari olti oy ichida Rossiya neftidan, sakkiz oy ichida neft mahsulotlaridan voz kechishga kelishib olgandi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin ettinchi sanktsiyalar paketi

Baholaganlar

20

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing