Ramzan Qodirov “arvoh”ga aylantirilgan shahar egallanish arafasidaligini aytdi

Olam

image

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Ukrainaning Donbass viloyatidagi Mariupol shahrining to‘liq egallanishiga ko‘p vaqt qolmaganini aytdi.

“Rossiya harbiylari uyma-uy Mariupolni fashist to‘dalaridan ozod qilmoqda. Jangchilar qat’iy, qattiq va tezkor harakat qilmoqda. Har bir baland bino tomigacha tozalanmoqda. Mariupolning to‘liq ozod etilishiga ko‘p vaqt qolmadi”, deb yozgan Qodirov o‘zining Telegram-kanalida Ukrainaga bosqin qay tarzda davom etayotgani haqida.

U Mariupoldan olingan, chechen jangchilari jang qilayotgani, ko‘p qavatli binoni ko‘zdan kechirayotgani va bayroq bilan tomga chiqayotgani tasvirlangan kadrlarni ham ilova qilgan.

Qayd etish kerakki, Rossiya harbiylari Mariupol shahrini mart boshidan beri qamal qilmoqda. Mariupolga ko‘plab raketalar tashlangan, buning oqibatida esa shahar deyarli to‘liq vayron bo‘lgan. Ukraina rasmiylari urushda eng ko‘p talafon aynan Mariupol chekiga tushganini aytmoqda.

Shaharda gumanitar vaziyat fojiali tus olgan. Rasmiylarga ko‘ra, 160 mingdan ortiq tinch aholi shiddatli jang ketayotgan Mariupolda qolmoqda.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

82

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing