Radiatsiya Rossiya chegaralarini bilmaydi – Zelenskiy ruslardan “ko‘zini ochishni” so‘radi
Olam
−
04 mart 2022
13277Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya tomonidan Yevropadagi eng yirik atom elektr stansiyasi Zaporoje AESga hujum qilinishi ortidan rossiyaliklarga rus tilida videomurojaat yo‘lladi.
“Biz Ukraina va Yevropa tarixini to‘xtatib qo‘yishi mumkin bo‘lgan kechadan omon qoldik. Rossiya qo‘shinlari Zaporoje atom elektr stansiyasiga hujum qilishdi. Rossiya tankchilari stansiyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘q uzdi.
Rus xalqi, men sizga murojaat qilmoqchiman! Qanday qilib bunday bo‘lishi mumkin? 1986 yilda biz birgalikda Chernobil fojiasi oqibatlariga qarshi kurashdik. Portlash oqibatida yonib, har tomonga sachragan qaynoq grafitlarni, qurbonlarni eslashingiz kerak. Vayron qilingan energoblokni eslashingiz zarur. Siz Pripyat va 30 kilometr zonadan qilingan evakuatsiyani eslashingiz lozim. Uni qanday unutish mumkin?
Agar unutmagan bo‘lsangiz, jim turmasligingiz kerak. Siz o‘z hukumatingizga aytishingiz, ko‘chaga chiqishingiz va yashashni, yer yuzida radioaktiv ifloslanishsiz yashashni xohlayotganingizni aytishingiz zarur. Radiatsiya mamlakatingiz chegaralari qayerdaligini bilmaydi”, deydi Zelenskiy.
Avvalroq, Rossiya harbiylari Ukrainadagi Zaporoje atom elektr stansiyasi maydonini egallagani haqida xabar bergandik.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi