Putinni yakkalash kerak – Polsha Bosh vaziri
Olam
−
19 may 2022
8645Urush hech qachon muqarrar bo‘lmaydi. Bu ongli qarorning natijasi yoki uning yo‘qligi. Shuning uchun, Ukrainada qonli urushni boshlab bergan Rossiya diktatori Vladimir Putinni izolyatsiya qilish, “rus dunyosi” mafkurasini yengish va yo‘q qilish kerak. Bu haqda Polsha Bosh vaziri Mateush Moravetskiy PISM Strategic Ark konferensiyasida aytib o‘tgan.
Moravetskiy, Mariupoldagi gekatomb yoki Buchadagi tinch aholining o‘ldirilishi barchani geosiyosiy uyqudan uyg‘otishi va ularni eski illyuziyalaridan voz kechishga majbur qilishi kerakligini ta’kidladi. U xalqaro maydonda Putinning “yuzini saqlab qolish”ga urinishlar bo‘layotganiga e’tibor qaratdi.
Qanday qilib hatto shunga o‘xshash narsani aytish mumkin? Aslida butunlay yo‘qolgan narsani “qutqarish” yoki “saqlab qolish” uchun qanday harakat qilish mumkin?
Uning fikricha, endi Rossiyadagi imperializm va totalitarizm dinamikasini yaxshi tushunish uchun asos bor.
Moravetskining so‘zlariga ko‘ra, Ukrainadagi urushning paradoksi shundaki, “Agar Ukraina g‘alaba qozonsa, bu birinchi navbatda uning g‘alabasi bo‘ladi”. “Ammo, agar u yutqazsa, bu barchamizning mag‘lubiyati va biz bilgan dunyoning oxiri bo‘ladi”.
“Shuning uchun men Rossiya Prezidentini izolyatsiya qilishga chaqiraman, ha, diplomatiya muloqotni talab qiladi, lekin siz terrorchilar bilan muzokara olib borolmaysiz”, deydi Polsha Bosh vaziri.
Moravetskining ta’kidlashicha, Rossiya Federatsiyasi bilan urushda g‘alaba qozonishning o‘zi yetarli emas, hali Yevropada tinchlikni saqlab qolish ham kerak. Tinchlikni saqlab qolishning narxini Yevropa Ittifoqi va NATOdan tashqaridagi davlatlar ham to‘lashi kerak bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, Ukraina Prezidenti devoni Makrondan tashqari, bir qator yevropalik siyosatchilar Putinning “obro‘sini saqlab qolish” uchun Ukrainaga suverenitet bo‘yicha yon berishni taklif qilganini aytgandi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi