“Putinga kuchli signal”. Ukraina xavfsizligi kafolatlari ishlab chiqildi

Olam

image

Ukraina Prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak va NATOning sobiq Bosh kotibi Anders Fog Rasmussen Kiyevda Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy nomidan ishlab chiqilgan Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha tavsiyalarni taqdim etdi. Bu haqda bugun, 13 sentyabr kuni Ukraina Prezidentining rasmiy saytida ma’lum qilindi.

Tavsiyalarda Ukraina va kafil davlatlarni birlashtiradigan qo‘shma strategik hamkorlik hujjati bo‘lgan Kiyev Xavfsizlik shartnomasini yaratish ko‘zda tutilgan. Tavsiyalar ko‘p bosqichli yondashuvni nazarda tutadi. Ittifoqchilarning asosiy guruhi Ukraina Qurolli Kuchlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha aniq majburiyatlarni olishi kutilmoqda, kengroq guruh esa sanksiyalar mexanizmlari asosida qurilgan noharbiy kafolatlarni taqdim etishi kutilmoqda.

AQSH, Buyuk Britaniya, Kanada, Polsha, Italiya, Germaniya, Fransiya, Avstraliya, Turkiya, Boltiqbo‘yi, Shimoliy, Markaziy va Sharqiy Yevropa davlatlari shartnomada kafil sifatida ishtirok etishi mumkin.

“Biz “Buni yana takrorlaymiz” shiori ruslarda vahima qo‘zg‘ashiga va yomon xotiralarga olib kelishiga ishonch hosil qilishimiz kerak. Ular faqat “Boshqa hech qachon” deb javob berishi uchun. Buning uchun bizga ruslarni qasos olish istagidan qaytara oladigan darajada va agar bu istak yengib bo‘lmaydigan bo‘lib chiqsa, tajovuzkorga o‘nglab bo‘lmas zarar yetkazishga qodir qudratli harbiy kuch kerak. Xavfsizlik kafolatlari bizga ushbu kuchni yaratishga yordam berish uchun ishlab chiqilgan”, deydi Yermak.

Yermakning so‘zlariga ko‘ra, uning jamoasi tomonidan amalga oshirilgan ishlar “zamonaviy tarixda hech qanday namunaga ega emas, xuddi yadroviy davlat va BMT Xavfsizlik Kengashi a’zosining suveren Yevropa davlatiga nisbatan to‘liq miqyosli tajovuzkorligi kabi”.

Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlarining mohiyati

Shartnoma loyihasida, xususan, quyidagi kafolatlar qayd etilgan. Avvalo, bu BMT Nizomining 51-moddasiga muvofiq tajovuzkordan himoya qilish qobiliyatidir. Buning uchun Ukraina harbiy-sanoat kompleksiga uzoq muddatli va doimiy sarmoya kiritish, keng ko‘lamli qurol-yarog‘ va ittifoqchilardan razvedka ma’lumotlarini yetkazib berish, Yevropa Ittifoqi va NATO homiyligida o‘quv missiyalari va qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkazish zarur, deya ta’kidlamoqda rasmiy Kiyev.

Ikkinchidan, gap yangi tajovuzning oldini olish uchun harbiy, moliyaviy, infratuzilmaviy, texnik, axborot xarakteridagi profilaktika choralari, shuningdek, Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligiga yangi tajovuz sodir etilgan taqdirda kechiktirmasdan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan choralar haqida bormoqda.

Uchinchidan, tajovuzkor davlatga qarshi to‘liq sanksiyalar paketi ko‘zda tutilgan. Ukrainaga zamonaviy havo mudofaasi/raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimlarini yetkazib berish bo‘yicha qo‘shimcha kelishuvlar, shuningdek, Turkiya, Ruminiya va Bolgariya bilan Qora dengizda xavfsizlik bo‘yicha mintaqaviy kelishuvlar ham mumkin.

Rasmussen-Yermak guruhi tajovuz sodir bo‘lgan taqdirda, Ukraina iltimosiga ko‘ra, kafil davlatlar “juda qisqa vaqt ichida (masalan, 24 soat) maslahatlashuvlar uchun uchrashishi va kengaytirilgan kafolatlarni faollashtirishi kerak bo‘lgan taqdirda tezkor (masalan, 72 soat ichida) qaror qabul qilish mexanizmini yaratishni tavsiya qilyapti.

Shu bilan birga, tavsiyalarda ittifoqchilar uchun aniq harbiy majburiyatlar yo‘q. Matnda faqat “diplomatik, iqtisodiy va harbiy vositalar – Ukrainaga tajovuzni to‘xtatish, suverenitetni tiklash, o‘z xavfsizligini ta’minlash, harbiy ustunlik va dushmanlarni to‘xtatish va o‘zini har qanday tahdiddan mustaqil himoya qilish imkoniyatini berish” ko‘zda tutilgan.

Xavfsizlik kafolatlari Ukrainaning NATOga kirish istagining o‘rnini bosmaydi. Bu istak Ukraina Konstitutsiyasida mustahkamlangan va Kiyevning suveren qarori hisoblanadi. Bundan tashqari, Ukraina Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishga intilmoqda.

"Tavsiyalarning qabul qilinishi Putinga kuchli signal beradi"

O‘z navbatida Anders Fog Rasmussenning ta’kidlashicha, bunday kafolatlarning qabul qilinishi ittifoqchilarning Ukrainaga o‘nlab yillar davomida sodiqligini talab qiladi. 

“Ushbu tavsiyalarning qabul qilinishi Vladimir Putinga kuchli signal beradi. Bu “Ukrainaga sodiqligimiz larzaga kelmasligini, uning urushi befoyda ekanligini ko‘rsatadi”, deb ishonadi NATO sobiq bosh kotibi.

Xalqaro ekspertlar guruhi tavsiyalari taqdimotida Anders Fog Rasmussen ukrainaliklar zarur resurslar bilan Rossiyani jang maydonida mag‘lub eta olishlarini allaqachon namoyish etganliklarini qo‘shimcha qildi. U Ukrainaning bu urushda g‘alaba qozonishini bevosita ustuvor vazifa deb biladi va uning rahbarligida ishlab chiqilgan tavsiyalar kelajakka qaratilgan.

“Urush tugagach, biz Rossiya hech qachon Ukrainaga boshqa bostirib kirmasligiga ishonch hosil qilishimiz kerak. Buning eng yaxshi yo‘li Ukraina Rossiyaning kelajakdagi har qanday hujumiga dosh bera oladigan muhim harbiy kuchga ega bo‘lishini ta’minlashdir”, deydi Rasmussen.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

45

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing