Putin Zelenskiyning muzokara o‘tkazish taklifini qabul qildi. Uchrashuv joyi ham aniq

Olam

image

Rossiya o‘z delegatsiyasini Ukraina bilan muzokaralar uchun Minskka jo‘natishga tayyor. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.

“Ma’lumki, bugun Ukraina Prezidenti Zelenskiy Ukrainaning neytral maqomini muhokama qilishga tayyorligini ma’lum qildi. Avvaliga Rossiya Prezidenti Vladimir Putin operatsiyadan maqsad LXR va DXRga yordam berish, shu jumladan, demilitarizatsiya va denazolifikatsiya qilish ekanligini aytdi. Bu esa, aslida, betaraflik maqomining ajralmas qismidir”, degan Peskov.

Matbuot kotibiga ko‘ra, Putin muzokaralar uchun Mudofaa va Tashqi ishlar vazirliklari prezident ma’muriyati vakillaridan iborat delegatsiyasini Minskka yuborishga tayyor.

“Shu nuqtai nazardan, Zelenskiyning taklifiga javoban Vladimir Putin Ukraina delegatsiyasi bilan muzokaralar o‘tkazish uchun Mudofaa vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi va prezident ma’muriyati vakillari darajasida Rossiya delegatsiyasini Minskka yuborishga tayyor”, deyiladi xabarda.

Avvalroq Zelenskiy Putin bilan muzokaralarga tayyorligini va istalgan joyda u bilan uchrashishga tayyorligini ma’lum qilgandi.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Buning ortidan Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi.

Rus qo‘shinlari dastlab Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirib borganini bildirdi.

Hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay, LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

487

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing