Putin yadroviy qurol bilan Ukraina va G‘arbning “ovozini o‘chirmoqchi” – ISW

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin yaqin oylarda Ukrainaning bosib olingan janubi (Xerson va Zaporoje viloyatlari) va sharqini (Donetsk va Lugansk viloyatlarini) to‘g‘ridan-to‘g‘ri Rossiya Federatsiyasi tarkibiga qo‘shib olmoqchi. Bu haqda Amerika urushni o‘rganish instituti ISW hisobotida aytiladi.

Institut taxminicha, keyin Putin Rossiya hududini himoya qilish uchun yadro qurolidan foydalanishga ruxsat beruvchi rus doktrinasi ushbu yangi qo‘shilgan hududlar uchun ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita ta’sir qilishini da’vo qiladi. Bu iddao o‘z navbatida bosib olingan hududlarini ozod qilish uchun qarshi hujumga o‘tadigan Ukraina va uning sheriklarini yadro quroli nishoniga aylantiradi.

Ta’kidlanishicha, Putinning anneksiya qilish muddati Ukrainadagi rus armiyasining ahvolini qanchalik yomonlashganini tushunishiga bog‘liq bo‘ladi.

Rossiya harbiylari hali Putinning butun Donetsk va Lugansk viloyatlarini nazoratga olish bo‘yicha e’lon qilgan rejalarini amalga oshirgani yo‘q va buni amalga oshirishi dargumon bo‘lib turibdi. Agar Putin o‘zining harbiy jihatdan kuchsizligini anglab yetsa, u anneksiyaga shoshilishi va hozirda Rossiya tomonidan bosib olingan Ukraina hududining bir qismi ustidan nazoratni saqlab qolish uchun tezda yadroviy kuchlarni ishga solishi mumkin.

ISW agar Putin Rossiya qo‘shinlari qo‘shimcha yutuqlarga qodir deb hisoblasa, u bilan ko‘proq hududni egallab olish umidida anneksiyani kechiktirishi mumkin, deb taxmin qilmoqda. Bunday holda, uning zaif rahbariyati va Ukrainaning qarshi hujumlari Rossiya armiyasining qulashiga olib kelishi mumkin. Putin qo‘shimcha kuchlarni safarbar qilgan holda Rossiya hujumlarini davom ettirishga harakat qilishi mumkin. Bunday holda, u anneksiya to‘g‘risidagi e’lonni kechiktirishi mumkin, shu bilan birga qo‘shib olish uchun ko‘proq hududga ega bo‘lish maqsadida qo‘shimcha kuchlar kelishini kutadi.

“Ukraina va uning g‘arblik hamkorlari Kreml bu hududni qo‘shib olishidan oldin ehtimol Ukrainaning bosib olingan hududiga qarshi hujumini qo‘llab-quvvatlash uchun tor imkoniyatlarga ega bo‘lishi mumkin. Ukraina va G‘arb ham har qanday anneksiya va undan keyin yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan yadroviy hujum tahdidiga muvofiqlashtirilgan javob choralarini ishlab chiqishi kerak. Rossiyaning Ukraina janubi-sharqining yillar davomida bosqin ostida qolishining siyosiy va axloqiy oqibatlari Ukraina davlatining uzoq muddatli yashovchanligi uchun halokatli bo‘ladi. Ukraina va G‘arbning hayotiy milliy manfaatlari Ukrainaning zudlik bilan qarshi hujumi uchun G‘arbning zudlik bilan yordamini talab qiladi”, deya ta’kidlagan amerikalik tahlilchilar.

Hisobotda qayd etilishicha, Moskva, shuningdek, Kremlning boshqa proksi-davlatlari, masalan, Janubiy Osetiya (Gruziya) va Dnestryani (Moldova) kabi davlatlarni anneksiya qilishi mumkin.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

149

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing