Putin va Zelenskiy uchrashuvi masalasida juda ko‘p “agar” bor – Peskov
Olam
−
09 avgust 2022
6303Kreml noyabr oyida Indoneziyada bo‘lib o‘tadigan G20 sammitida Rossiya va Ukraina Prezidentlari Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiy o‘rtasida uchrashuv bo‘lishi imkoniyatlari borasida izoh bermayapti. Bu haqda TASS yozmoqda.
Nashrga ko‘ra, bugun, 9 avgust kuni Rossiya Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov ikki davlat rahbari uchrashuvi yuzasidan jurnalistlarga ma’lumot berib, bu masalada juda ko‘p "agar" mavjudligini ta’kidladi.
“Biz hozirgi vaziyatda faqat de-fakto aytishimiz mumkin. Hozircha bunday uchrashuv uchun hech qanday shart-sharoit yo‘q”, degan Peskov.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Indoneziyadagi “katta yigirmatalik” (G20) sammitida ishtirok etsa, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ham yig‘ilishga qo‘shilishi mumkin.
Ma’lumot uchun, G20 sammiti joriy yilning 15-16 noyabr kunlari Indoneziyaning Bali orolida o‘tkaziladi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
Farangiz Salimova
LiveBarchasi