Putin urushdan oldin bergan topshirig‘ini bajarmaganlarni jazolashni buyurdi

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukrainadagi urushga muddatli harbiy xizmatchilarni yuborganlarni aniqlab, jazolash bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

Prezident Matbuot kotibi Dmitriy Peskovning ma’lum qilishicha, Vladimir Putin muddatli harbiy xizmatchilarni Ukrainadagi operatsiyada qatnashishini qat’iyan istisno qilish to‘g‘risida bergan topshirig‘ining bajarilishi to‘g‘risida hisobot olgan.

Uning ta’kidlashicha, ushbu ko‘rsatmani bajarmaganlik uchun aybdor mansabdor shaxslarning xatti-harakatlariga huquqiy baho berish va jazolash uchun materiallar Bosh harbiy prokuraturaga yuborilgan.

“Maxsus harbiy operatsiya boshlanishidan oldin Rossiya Prezidenti, Oliy Bosh qo‘mondon Vladimir Putinning topshirig‘iga binoan, barcha qurolli kuchlar bo‘linmalari qo‘mondonlariga quyidagilar topshirildi: Ukraina hududida har qanday vazifani bajarish uchun muddatli harbiy xizmatchilarni jalb qilishni qat’iyan istisno qilish. Prezident Putinga ushbu ko‘rsatmaning bajarilishi haqida ma’lumot berildi”, degan Peskov jurnalistlarga.

Qayd etilishicha, Ukraina hududidagi maxsus harbiy operatsiyada ishtirok etayotgan qurolli kuchlar bo‘linmalarida bir qator muddatli harbiy xizmatchilar borligi faktlari yuzasidan Rossiya Prezidentining ko‘rsatmasi bo‘yicha Bosh harbiy qismga materiallar yuborilgan. Prokuratura ushbu ko‘rsatmalarni bajarmaganlikda aybdor mansabdor shaxslarning xatti-harakatlarini tekshirib, ularga huquqiy baho berishi aytilgan. 

Avvalroq, Putin Ukrainadagi urushda Rossiya armiyasi safida muddatli harbiy xizmatchilar qatnashmayotgani va qatnashmasligini, shuningdek, zaxiradagi harbiy xizmatchilar urush uchun qo‘shimcha safarbar qilinmasligini aytgandi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

55

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing