Putin ukrainlarning Mariupoldagi so‘nggi qo‘nog‘iga hujumni to‘xtatishni buyurdi

Olam

image

Mariupoldagi ukrain askarlari saqlangan “Azovstal” sanoat zonasiga uyushtirilgan hujum o‘rinsiz. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu bilan uchrashuvda ta’kidladi va uni bekor qilishni buyurdi. 

“Men sanoat zonasiga hujumni nomaqbul deb hisoblayman. Uni bekor qilishni buyuraman”, degan Putin. 

Putin o‘z buyrug‘ini rossiyalik harbiylar hayotini saqlab qolish bilan izohlagan. 

“Bu yerda askar va ofitserlarimizning hayoti va sog‘lig‘ini saqlab qolish haqida ham o‘ylashimiz kerak. Bu sanoat hududini pashsha ham uchib o‘tolmaydigan qilib yoping”, deb buyurgan u. 

Putin, shuningdek, Shoyguga hali qurolini qo‘ymagan barchaga yana bir bor buni taklif qilishni buyurgan. 

“Rossiya tomoni tegishli xalqaro-huquqiy hujjatlarga muvofiq ularning hayoti va munosib davolanishini kafolatlaydi. Jabrlanganlarning barchasiga malakali tibbiy yordam ko‘rsatiladi”, degan Prezident. 

Shoygu esa Putinga butun Mariupol nazorat ostida ekanligi haqida xabar bergan. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 19 aprel kuni tan olinmagan Donetsk Xalq Respublikasi (DXR) xalq militsiyasining harbiy guruhlari Mariupoldagi “Azovstal” zavodi hududiga qisman bostirib kirishni boshlagandi. 

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

62

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing