Putin Ukrainadagi urushga yuboriladigan ko‘ngillilar uchun sharoit yaratishni buyurdi

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin hukumatga Ukrainadagi “maxsus harbiy operatsiya”sida ixtiyoriy ravishda qatnashishni xohlovchi fuqarolarga mehnat kafolatlarini berishni buyurdi.

Davlat rahbari matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarga bergan ma’lumotiga ko‘ra, dastur Petropavlovsk-Kamchatskiyda yakunlangach, Putin Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligining mintaqaviy boshqarmasi xodimlaridan biri bilan uchrashgan, u Prezidentga shaxsiy iltimos bilan murojaat qilgan. U avvalroq yashash joyidagi mudofaa bo‘limiga ariza bilan murojaat qilib, “maxsus harbiy operatsiya”da qatnashish uchun ko‘ngilli sifatida ro‘yxatdan o‘tishni so‘raganini aytdi.

“Shu bilan birga, u qonunga ko‘ra, unga uzoq muddatli ta’til berilmaydigan va “maxsus harbiy operatsiya”da qatnashishdan oldin egallab turgan lavozimiga qaytishi kafolatlanmaydigan vaziyatga duch keldi. Vladimir Putin ushbu xodimga hukumat e’tiborini Rossiya qonunchiligidagi bo‘shliqqa qaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berishga va’da berdi, shuningdek, bunday holatlar yuzaga kelgan taqdirda Rossiya Federatsiyasi qonunchiligini amaldagi qonunlarga muvofiqlashtirish kerakligini ta’kidladi”, deydi Peskov.

Matbuot kotibining qo‘shimcha qilishicha, qonunga kiritiladigan ushbu o‘zgartirishlar, jumladan, potensial ko‘ngillining hozirgi mavqeini saqlab qolgan holda uzoq muddatli ta’tilga chiqish imkoniyati kabi mehnat kafolatlarini ta’minlashi kerak.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

79

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing