Putin Ukraina hududlari Leninning “sovg‘a”si ekanini aytdi

Olam

image

Ukraina Rossiya imperiyasi tarkibiga uchta hudud – Kiyev, Jitomir, Chernigov bilan kirgan. Qolgan barcha hududlar unga keyin qo‘shilgan, jumladan Lenin tomonidan berilgan. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Peterburg xalqaro ekonomika forumidagi nutqida aytib o‘tdi.

“Ukraina Rossiya imperiyasi tarkibiga amalda uchta hudud – Kiyev va Kiyev viloyati, Jitomir, Chernigov bilan kelgan, bori shu. 1922 yilda Sovet Ittifoqining shakllanishi natijasida meros bo‘lib qolgan barcha narsalar Sovet Ittifoqining shakllanishi davrida Vladimir Ilich Lenin tomonidan sovg‘a qilingan”, deydi Putin.

Prezident Rossiya Ukrainaning tashkil topish usulini hurmat qilganini va SSSR parchalanganidan keyin Rossiya mamlakatlar o‘rtasidagi yaxshi munosabatlar saqlanib qolishini inobatga olganini ta’kidlagan.

“Afsuski, ushbu rejimda hamkorlik qilish istagimizga qaramay, biz faqat iqtisodiy yordamni oshirish bo‘yicha so‘rov va talablarni oldik, biz qo‘limizdan kelganini qildik”, deydi Putin.

U “90-yillarda Rossiyaning o‘zi og‘ir ahvolda bo‘lganini, ammo shunga qaramay u doimiy ravishda kreditlar va arzon energiya resurslari bilan yordam berganini” eslagan.

“Energiya narxlari, kreditlar haqidagi barcha muhokamalarni eslayman. Men yana nima qilishimiz kerak bo‘lganini tushunmayapman. Biz [Ukraina bilan]davlatlararo munosabatlarni rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida qo‘limizdan kelgan barcha ishni qildik”, deya ta’kidlagan Rossiya Prezidenti.

Putinning qo‘shimcha qilishicha, Ukrainada siyosiy hokimiyatni amalda qo‘lga olgan va oliy siyosiy rahbariyatga ta’sir o‘tkazgan “bir guruh odamlar” rivojlanish vektorini belgilab berdi.

“Va keyin u (guruh) qandaydir sivilizatsion tanlovini e’lon qildi. Bularning barchasi Ukraina xalqidan o‘g‘irlangan mablag‘larni himoya qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida rejali qilingan. Men boshqa hech narsani ko‘rmayapman”, deya xulosa qilgan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

39

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing