Putin Rossiyaning Ukraina bo‘yicha kutilmagan pozitsiyasini ochiqladi

Olam

image

Rossiya Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishiga mutlaqo qarshi emas. Bu haqda mamlakat Prezidenti Vladimir Putin bugun, 17 iyun kuni bo‘lib o‘tgan Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumidagi chiqishi chog‘ida ma’lum qildi.

“Yevropa Ittifoqi NATOdan farqli o‘laroq, harbiy tashkilot yoki siyosiy blok emas. Shuning uchun bizda bunga (Ukrainaning YeIga qo‘shilishiga – tahr.) qarshi hech narsa yo‘q. Har qanday davlatning Iqtisodiy birlashmalarga a’zo bo‘lishi yoki bo‘lmasligi o‘zining suveren qaroridir”, deya ta’kidladi Putin.

Uning ta’kidlashicha, YeI davlatlarining o‘zlari bu ular uchun qanchalik mos ekanini aniqlashi kerak.

“Bu Ukrainaga foyda yoki zarar keltiradimi, bu ham ularning ishi, bugungi Ukraina xalqi hamda Ukraina rahbariyatining ishi. Ammo Ukraina iqtisodiyotining tuzilishi shundayki, u juda katta subsidiyalarni talab qiladi. Agar ichki bozor himoyalanmasa, Ukraina yarim mustamlakaga aylanadi, nazarimda”, deya qo‘shimcha qildi u.

Putinning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina joriy xarajatlar uchun sezilarli darajada qo‘llab-quvvatlanadi, biroq “bu yo‘qolgan samolyotsozlik sanoati, kemasozlik, elektronika sanoati va boshqa muhim tarmoqlarning tiklanishiga olib kelishi dargumon”. Yevropaliklar esa o‘zlariga raqobatchi yaratmaydi.

“Bu bizning ishimiz emas, bunga hech qachon qarshi bo‘lmaganmiz. Ammo Ukraina hududini harbiy jihatdan rivojlantirishga doim qarshi bo‘lganmiz, chunki bu bizning xavfsizligimizga tahdid soladi”, deydi Putin.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 17 iyun kuni tongda Yevrokomissiya Ukrainaga YeI a’zoligiga nomzod davlat maqomini berishni tavsiya qilgan edi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

262

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing