Putin Misr Prezidentiga Ukrainadagi “operatsiya”ning sabablarini aytdi
Olam
−
10 mart 2022
15443Rossiya Prezidenti Vladimir Putin kecha, 9 mart kuni Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi bilan telefon orqali suhbatda Ukrainadagi vaziyatni muhokama qildi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar bergan.
“Abdulfattoh as-Sisining iltimosiga ko‘ra, Vladimir Putin Donbassni himoya qilish bo‘yicha Rossiya maxsus harbiy operatsiyasining sabablari va maqsadlari haqida gapirdi hamda Ukraina vakillari bilan muzokaralarda Rossiya olib borayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Misr Prezidenti Rossiya tomoniga Misr fuqarolarini mojaro hududidan evakuatsiya qilish bo‘yicha olib borilayotgan sa’y-harakatlar uchun minnatdorlik bildirdi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, Putin va Misr Prezidenti turizm va qishloq xo‘jaligi sohalarida hamkorlikni davom ettirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirgan. Suhbat chog‘ida Rossiya va Misr o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada rivojlantirish, jumladan, atom energetikasi va sanoat sohasida yirik qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilingan.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi