Putin kreditlar bo‘yicha insofli qaror qabul qildi
Biznes
−
28 fevral 2022
28374Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Markaziy bankning asosiy stavkasi 20 foizgacha oshirilishidan oldin tuzilgan shartnomalarda kredit stavkalari saqlanishini ta’minlash bo‘yicha topshiriq berdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qilgan.
“Iqtisodiy masalalar bo‘yicha yig‘ilishda Prezident asosiy stavka 20 foizga oshirilgandan so‘ng kredit shartnomalarida ko‘rsatilgan barcha kredit stavkalari saqlanib qolishini ta’minlash bo‘yicha topshiriq berdi”, deydi Peskov.
28 fevral kuni Rossiya banki asosiy stavkani keskin 10,5 foiz punktga, tarixiy maksimal yillik 20 foizga oshirdi. Bu moliyaviy va narx barqarorligini qo‘llab-quvvatlashi hamda fuqarolarning jamg‘armalarining qadrsizlanishini himoya qilishi kerak, deyiladi tartibga soluvchi organ bayonotida.
Bungacha 2014 yil dekabrida belgilangan 17 foizlik stavka rekord deb hisoblangan edi. Markaziy bank xabarida ta’kidlanganidek, qaror Rossiya iqtisodiyoti uchun tashqi sharoitlar keskin o‘zgarganligi fonida qabul qilingan.
28 fevral kuni Xalqaro platformalarda dollar kursi o‘zining eng yuqori cho‘qqisida 117 rubldan, yevro kursi 132 rubldan oshdi. “Bloomberg” ma’lumotlariga ko‘ra, bu tarixiy maksimal pasayishdir. Moskva vaqti bilan ertalab soat 6:30 dan beri yevro 127 rubldan, dollar 114 rubldan yuqori narxda sotilmoqda.
27 fevral kuni Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari Rossiyaning bir qator banklarini xalqaro SWIFT tizimidan uzishga kelishib oldilar. Ayni paytda Yevropa Ittifoqi bunday banklar ro‘yxati to‘g‘risida hali qaror qilgani yo‘q, chunki u mamlakat iqtisodiyotining boshqa davlatlar iqtisodiyoti bilan bog‘liqligi sababli Rossiya Federatsiyasini SWIFT’dan butunlay uzib qo‘ya olmaydi. Yevropa ham Rossiya Bankiga nisbatan cheklovchi choralar ko‘rdi va moliyaviy zaxiralarining yarmiga yaqinini muzlatib qo‘yish niyatida.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Buning ortidan Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi.
Rus qo‘shinlari dastlab Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirib borganini bildirdi.
Hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay, LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.