Putin Xarkov viloyatini anneksiya qilmoqchi – ISW
Olam
−
12 iyul 2022
14241Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukrainaning Xarkov viloyatining anneksiya qilish uchun sharoit hozirlayapti. Bu haqda Amerikaning Urushni tadqiq qilish instituti (ISW) hisobotida so‘z boradi.
Shu nuqtai nazardan, ekspertlar Putin tomonidan barcha ukrainaliklar uchun Rossiya fuqaroligini olish jarayonini soddalashtiruvchi farmon imzolanganini qayd etishmoqda.
“Kreml Donbassdan tashqari Ukraina hududlarini anneksiya qilish bo‘yicha shartlar qo‘yishda davom etmoqda... Qonun avvalroq “DXR” va “LXR”, Xerson va Zaporoje viloyatlarida pasport berishni soddalashtirgan va Kremlning Xarkov oblasti kabi boshqa hududlarni anneksiya qilish niyatidan darak berishi mumkin”, deb hisoblamoqda tahlilchilar.
Shu bilan birga, hisobotda aytilishicha, Rossiya harbiy-siyosiy rahbariyati bosib olingan hududlar ustidan ma’muriy nazoratni kuchaytirishga, ushbu hududlarni RFga qo‘shib olish uchun sharoit yaratishga harakat qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Vladimir Putin kecha, 11 iyul kuni butun Ukraina aholisi uchun Rossiya fuqaroligini soddalashtirgan tartibda olishga ruxsat berdi.
Endilikda Ukrainaning istalgan hududida yashovchi odam migratsiya kartasiga ega bo‘lsa soddalashtirilgan tartibda Rossiya Federatsiyasi fuqaroligiga qabul qilinishi uchun ariza bilan murojaat qilishi mumkin.
Putinning 2019 yildagi farmoni bilan DXR va LXR rezidentlari uchun Rossiya fuqaroligini olishning soddalashtirilgan tartibi joriy etilgandi. Joriy yilning may oyi oxirida farmonga o‘zgartirishlar kiritildi, unga ko‘ra Rossiya fuqaroligini soddalashtirilgan shaklda qabul qilish Ukrainaning Zaporoje va Xerson viloyatlari aholisiga ham tatbiq etildi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi