Putin 15 sentyabrgacha Ukrainaning yana bir viloyatini egallashni buyurgan – Ukraina Bosh shtabi

Olam

image
0:00
0:00
download

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin rus harbiylariga 15 sentyabrgacha Ukrainaning Donetsk viloyati ma’muriy chegaralariga yetib borishni buyurdi. Bu haqda Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi Bosh operativ boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Aleksey Gromov brifingda ma’lum qildi, deb yozadi “Ukrainska pravda”.

“Ruslar Xarkov, Lugansk, Donetsk, Zaporoje, Xerson va Nikolayev viloyatlarining bosib olingan hududlarini ushlab turishda davom etmoqda, shuningdek, hujumni qayta boshlash uchun qulay sharoit yaratishga harakat qilmoqda. Shunday qilib, Rossiya bosqinchi qo‘shinlari Putinning 15 sentyabrgacha Donetsk viloyatining ma’muriy chegaralariga yetib borish haqidagi buyrug‘iga asosan o‘z rejalari va harakatlarini yana bir bor to‘g‘rilamoqda”, deydi u.

Ukraina sharqida faol hujumni qayta boshlash uchun, Gromovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Mudofaa vazirligi uchinchi armiya korpusining tuzilmalari va harbiy qismlarini qayta yig‘ishda davom etmoqda. U 2022 yilning yozida Rossiyaning turli mintaqalarida ishga olingan ko‘ngilli bo‘linmalardan tuzilgan.

Severodonetsk-Lisichansk-Rubejnoye aglomeratsiyasi va umuman Lugansk viloyati hududini nazorat ostiga olish Rossiya qo‘shinlarining Donbassdagi so‘nggi yirik muvaffaqiyati edi. Bu iyul oyining boshida sodir bo‘lgandi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

36

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing