Prigojin yo o‘ldirilgan, yo qamalgan – AQSH iste’fodagi generali

Olam

image

Amerika Qo‘shma Shtatlarining iste’fodagi generali Robert Abrams “Vagner” rahbari Yevgeniy Prigojin muvaffaqiyatsiz isyondan so‘ng o‘ldirilgan yoki qamalgan bo‘lishi mumkinligini aytdi. Bu haqda u “ABC News” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, nashrning Robert Abrams bilan suhbatida Prigojinning muvaffaqiyatsiz isyoni oqibatlari, Ukrainaning davom etayotgan qarshi hujumi va NATOning Vilnyusdagi sammiti masalalari muhokama qilingan.

Jurnalist undan Prigojin 29 iyun kuni Putinning qabulida bo‘lgani haqidagi xabarlar yuzasidan fikrini so‘raganda shunday javob bergan:

“Birinchidan, agar Prigojinning Putin bilan uchrashgani haqidagi hayotiy dalillarni ko‘rsak, hayron bo‘laman va bu juda sahnalashtirilgan deb o‘ylayman. Va mening shaxsiy bahom shuki, Prigojinni yana ko‘rishimizga shubha qilaman. O‘ylashimcha, u yo yashirinadi yoki qamoqqa yuboriladi, bo‘lmasa yana boshqa yo‘l bilan hal qilinadi. Ammo uni yana ko‘rishimizga shubham bor”.

Shundan so‘ng, jurnalistning “sizningcha u tirikmi?”, degan savoliga “Menimcha, unday emas. Agar tirik bo‘lsa ham, qaysidir qamoqxonada bo‘lsa kerak”, deya javob bergan.

Ma’lumot uchun, joriy yilning 3 iyul kuni “Vagner”ga aloqador “Grey Zone” Telegram-kanalida Prigojinniki ekani aytilgan audioyozuv paydo bo‘lgandi. Unda yaqin kelajakda “Vagner”ning keyingi g‘alabalarini frontda ko‘rishga ishonch bildirilgan.

“Bugun biz har qachongidan ham ko‘proq sizning yordamingizga muhtojmiz. Buning uchun rahmat. “Adolat yurishimiz” sotqinlarga qarshi kurashish, jamiyatimizni safarbar qilishga qaratilganini tushunishingizni istardim. O‘ylaymanki, biz bu borada ko‘p narsaga erishdik”, degan “Vagner” rahbari.

Shundan buyon Prigojin biror marta ommaga ko‘rinish bermagan. Joriy yilning 27 iyun kuni Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko “Vagner” rahbarining Belarusda ekanini tasdiqlagandi. Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov 29 iyun kuni bergan bayonotida Prigojinning qayerda ekanini bilmasligini ma’lum qildi. 6 iyul kuni esa Lukashenko Prigojinning Belarusda emasligi, chunki u Sankt-Peterburg va ehtimol Moskvaga ketgan bo‘lishi mumkinligini aytdi. 10 iyulda fransuz nashrlaridan biri razvedka ma’lumotlariga tayangan holda 29 iyun kuni Putin Prigojin va “Vagner” qo‘mondonlari bilan Kremlda uchrashgani haqida xabar berdi. Bir necha soat o‘tib, Dmitriy Peskov ushbu xabarni tasdiqlab, Putin Kremlda Prigojin bilan uch soat davomida suhbatlashganini ochiqladi. Kecha, 13 iyul kuni Putinning shaxsan o‘zi “Kommersant” muxbiriga bergan intervyusida u rostdan ham 29 iyun kuni Prigojin va 35 nafar “Vagner” komandiri bilan uchrashib, ularga harbiy xizmatni davom ettirishning boshqa variantlarini taklif qilganini bildirdi.

Prigojinning bir kunlik isyoni

Joriy yilning 24 iyun kuni “Vagner” jangchilari Rostovdagi Janubiy harbiy okrug shtab-kvartirasini egallab oldi. Prigojin Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu va Bosh shtab boshlig‘i Valeriy Gerasimov “Vagner”ga topshirilishini talab qilib, Moskvaga borishini e’lon qildi. Bu orada Moskvada ham xavfsizlik choralari kuchaytirildi. Rossiya Federal xavfsizlik xizmati esa Prigojinga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Kechga borib Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko Rossiya Federatsiyasi Prezidenti bilan kelishilgan holda “Vagner” rahbari Yevgeniy Prigojin bilan muzokara olib borgani ma’lum bo‘ldi. Muzokaralar yakunida Rossiya hududida qurolli harakatlarni to‘xtatish va keskinlikni yumshatish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Prigojin ham Moskvaga ketayotgan qo‘shinlari ortga qaytarilganini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

isyon “Vagner” Prigojin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing