Mahbuslar poyezdda isyon ko‘tardi. Xodim qurbon bo‘ldi
Olam
−
17:04 3750 2 daqiqa
Kecha, 2 oktyabr kuni “Vladikavkaz – Adler” poyezdiga ulangan mahbuslar tashiladigan vagonda mahbuslar isyon ko‘tardi. Hodisa oqibtida Jazoni ijro etish federal xizmati (JIEFX)ning bir xodimi halok bo‘ldi, yana uch nafari jarohat oldi. Keyinroq mahbuslardan biri ham o‘ldirilgan. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, Ren TV xabar berdi.
“112” ma’lumotlariga ko‘ra, ichida mahbuslar bo‘lgan vagon Terek stansiyasida poyezdga ulangan. Tarkib Beslandan o‘tganidan so‘ng vagonda stop-kran tortilgan va g‘alayon boshlangan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mahbuslar soqchilarning qurolini egallab olishga muvaffaq bo‘lgan. Ren TV ham o‘z manbasiga tayanib shunga o‘xshash ma’lumotni keltirmoqda.
“112”ning yozishicha, mahbuslar vagonga qamalib olgan va dastlab jarohatlangan JIEFX xodimlarini topshirmagan. Vagon kuch ishlatar tuzilmalari tomonidan o‘rab olingan, voqea joyiga shoshilinch xizmatlar va maxsus topshiriqli kuchlar yetib borgan. Kanal ma’lumotlariga ko‘ra, mahbuslarning hech biri qochib qutula olmagan.
TASSning JIEFXdagi manbasi isyon haqidagi ma’lumotni rad etgan, biroq muassasa xodimi o‘ldirilganini tasdiqlagan.
“Tarqalgan ma’lumot haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. G‘alayon bo‘lgani yo‘q. Poyezd vagonida konvoyda olib borilayotganlardan biri xodimga hujum qilib, uni o‘ldirgan”, deydi manba.
“112” va Ren TV xabar qilishicha, hodisa Kabarda-Balkariyadagi Murtazovo stansiyasi atrofida sodir bo‘lgan. Stansiya Terek shahrida, Beslan va Vladikavkaz yo‘nalishidagi temir yo‘l tarmog‘ida joylashgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shri-Lanka poytaxti Kolombo yaqinidagi Negombo qamoqxonasida ikki guruh mahbus o‘rtasida yuz bergan to‘qnashuvlar oqibatida kamida 25 kishi halok bo‘lgani, 100 dan ortiq kishi jarohatlangani haqida xabar berilgan edi.