Putin Prigojin bilan Kremlda uchrashib, uch soat gaplashgani fosh bo‘ldi
Olam
−
10 iyul 2023
17141Rossiya Prezidenti Vladimir Putin “Vagner” rahbari Yevgeniy Prigojinning isyonidan besh kun o‘tib, 29 iyun kuni u bilan Kremlda uchrashgan. Bu haqda Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.
Peskov biroz avval Fransiyaning “Libération” nashri tomonidan tarqatilgan Prigojinning Putin bilan uchrashgani haqidagi xabarga munosabat bildirar ekan, shunday deydi:
"Haqiqatan ham Prezidentning shunday uchrashuvi bor edi. Unga 35 kishini taklif qildi: barcha otryad komandirlari va kompaniya rahbariyati. Shu jumladan Prigojinning o‘zi ham. Bu uchrashuv 29 iyun kuni Kremlda bo‘lib o‘tdi. U deyarli uch soat davom etdi", deydi Peskov jurnalistlarga.
Ta’kidlanishicha, Putin uchrashuvda “Vagner”ning “maxsus operatsiya” paytida frontda amalga oshirgan harakatlariga baho bergan. Shuningdek, 24 iyun kungi voqealarga tavsif berilgan va qo‘mondonlarning tushuntirishlari tinglangan.
“Ular davlat rahbari va oliy bosh qo‘mondonning sodiq tarafdorlari va askari ekanliklarini ta’kidladilar”, deya qo‘shimcha qiladi Peskov.
Matbuot kotibi jurnalistlarning uchrashuvda Mudofaa vaziri Sergey Shoygu qatnashgan yoki yo‘qligi haqidagi savoliga javob berishni istamagan.
Eslatib o‘tamiz, Yevgeniy Prigojin 24 iyun kuni harbiy isyon ko‘tarib, Moskvaga yo‘l olgandi. Shu kuni Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko Putinning roziligiga ko‘ra, Prigojin bilan muzokaraga kirishgani va uni Moskvaga bormaslikka ko‘ndirganini e’lon qildi. Keyinchalik Rossiya Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Prigojinga qo‘yilgan barcha ayblovlar olib tashlanganini va u Belarusga ketishini ma’lum qildi. Bir necha kun o‘tib, 27 iyunda Lukashenko “Vagner” rahbarining Belarusda ekanini tasdiqladi. 6 iyul kuni esa Lukashenko Prigojinning Belarusda emasligi, chunki u Sankt-Peterburg va ehtimol Moskvaga ketgan bo‘lishi mumkinligini aytdi.