Prezident Matbuot kotibi QALAMPIR.UZ jurnalistiga tuhmatni qoraladi
Jamiyat
−
09 avgust 2021
9923O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi raisi o‘rinbosari – Prezident Matbuot kotibi Sherzod Asadov QALAMPIR.UZ Bosh muharriri o‘rinbosari Feruza Najmiddinovaning sha’nini toptash maqsadida unga qilingan tuhmatga nisbatan munosabat bildirdi.
“Yaqinda yurtimiz jamoatchiligi, ayniqsa jurnalistlar hamjamiyati orasida katta rezonans kelitirib chiqargan bir voqea haqida bir necha so‘z aytmoqchiman. Gap, barchangizga ma’lum bo‘lganidek, QALAMPIR.UZ jurnalistiga qarshi uyushtirilgan tazyiq haqida ketmoqda.
Inson sha’niga, qadr-qimmatiga putur yetkazish, uni obro‘sizlantirish, tuhmatdan iborat “feyk”larni tarqatishda ifodalangan ushbu jirkanch holatni hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. Ayniqsa, bunday xatti-harakatlar Prezidentimiz “Qo‘rqmanglar, ortingizda men turibman!” deb aytgan jurnalistlarga nisbatan sodir etilayotgani jiddiy tashvishga soladi”, deydi Asadov.
Prezident matbuot kotibi jurnalistlar va ularning professional faoliyati qonun himoyasida, qolaversa, Prezident matbuot kotibi sifatida o‘zining va Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining doimiy e’tiborida ekanini urg‘ulagan.
“Jurnalistga tazyiq ko‘rsatish holatlarini, ayniqsa, bunday xunuk urinishlarni hurmatli Prezidentimiz shaxsan o‘zlari kafolatlayotgan so‘z erkinligiga tahdid sifatida qabul qilamiz”, deydi Asadov.
U so‘zi yakunida huquq-tartibot organlarini tez fursatda ushbu holatni sinchkovlik bilan o‘rganishga, aybdorlarga qonuniy chora ko‘rishga chaqirgan.
Eslatib o‘tamiz, 7 avgust kuni ijtimoiy tarmoqrlarda QALAMPIR.UZ Bosh muharriri o‘rinbosari Feruza Najmiddinova haqida bo‘hton va tuhmatdan iborat video tarqatildi. Ushbu video avval Najmiddinovaning suratlari joylashtirilib, so‘ng Olmazor city hududidagi uylarning biri bolkonida sodir bo‘lgan erkak va ayol o‘rtasidagi ishqiy munosabat tasvirlari bilan montaj qilingan. Unda ushbu video qahramoni bo‘lgan ayol go‘yo QALAMPIR.UZ jurnalisti Feruza Najmiddinova ekani aytiladi.
Najmiddinovaning sha’nini toptash, obro‘sizlantirish maqsadida tayyorlangan ushbu video tez orada ijtimoiy tarmoqlardan o‘chirib yuborilishiga erishildi. Kecha holat bo‘yicha aybdorlarni topish va jazolash yuzasidan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasiga murojaat qilindi. IIV, "Yuksalish" umummilliy harakati, Senat, AOKA va Jurnalistlar ijodiy uyushmasi, mazkur ishni o‘z nazoratiga oldi. Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi Komil Allamjonov, fond raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva, Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva, O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova holat yuzasidan bayonot bilan chiqdi. Ijtimoiy tarmoqlarda jurnalist Feruza Najmiddinovani qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan #men_Feruzaman fleshmobi boshlandi.
8 avgust kuni QALAMPIR.UZ huquq-tartibot organlarining aralashuvisiz Olmazor city'da ro‘y bergan nomaqbul holatni kim videoga olganini aniqlab, u bilan muloqot qildi.
LiveBarchasi