Sherzod Asadov ta’lim tizimidagi islohotlar mazmunini tushuntirdi

Jamiyat

−

image

Avvalroq, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi yagona Ta’lim va ilm-fan vazirligi sifatida qayta tashkil etilgani haqida xabar berilgan edi. Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ta’lim tizimidagi ushbu islohotlar mazmunini tushuntirdi.

Uning bildirishicha, Prezidentning ikki vazirlikni birlashtirishdan ko‘zlagan asosiy g‘oyasi quyidagilardan iborat:

  • Ta’lim va ilm-fan vazirligi barcha bog‘cha, maktab, professional va oliy ta’lim muassasalari faoliyatini tashkil etishi va ularning operatsion jarayonlari uchun mas’ul bo‘lishi, ta’lim faoliyatiga qo‘yiladigan talablarni belgilashi, akkreditatsiyalash va litsenziyalash bilan shug‘ullanishi kerak;
  • Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi o‘quv dasturlari, qo‘llanmalar va metodik materiallarni ishlab chiqadigan o‘ziga xos laboratoriya vazifasini bajarishi, ularni amaliyotga joriy etishi, natijalarini kuzatishi va aniqlangan kamchiliklar asosida takomillashtirib borishi kerak. Bu ishlar Prezidentimiz belgilab bergan «o‘zbek maktabi bitiruvchisining portreti»ga tayangan holda olib boriladi;
  • Prezident Administratsiyasi va uning huzurida tashkil etiladigan alohida ishchi guruh yangi vazirlikning tuzilmasini ishlab chiqadi, ish jarayonlarini qayta ko‘rib chiqadi, ularni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlaydi hamda islohotning umumiy strategiyasini belgilaydi;
  • oliy ta’limda davlat aralashuvini keskin qisqartirish, oliygohlar mustaqilligini kengaytirish va nodavlat sektor uchun imkoniyatlar yaratish lozim, qaysi oliygoh sifatli ta’lim berayotganini esa erkin raqobat va bozor talabi ko‘rsatishi kerak.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Administratsiyasi huzurida Inson kapitalini rivojlantirish va uzluksiz ta’lim strategiyasi bo‘yicha umummilliy konsepsiyani ishlab chiqadigan maxsus ishchi guruh tashkil etilayotgani va unga jamoatchilik asosida tadbirkor Zafar Hoshimov rahbarlik qilishi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing