Seuldan do‘stligimizning istiqboli porloq ekaniga ishonch bilan qaytdik – Sherzod Asadov

Jamiyat

image

O‘zbekiston delegatsiyasi Seul shahridan iliq taassurotlar va ikki mamlakat do‘stligining istiqboli porloq ekaniga ishonch bilan qaytgan. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot kotibi Sherzod Asadov Shavkat Mirziyoyevning Janubiy Koreyaga qilgan 3 kunlik rasmiy davlat tashrifi to‘g‘risidagi hisobotida ma’lum qildi. 

“Prezident Shavkat Mirziyoyevning Tonggi tarovat yurtiga tashrifi samimiy uchrashuv va suhbatlarga boy bo‘ldi”, deydi Asadov o‘zining Telegram-kanalida.

Uning ma’lum qilishicha, birinchi “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” sammiti doirasida O‘zbekiston yetakchisi mintaqa davlatlari rahbarlari bilan muloqot qilib, ikki tomonlama munosabatlar va hamkorlikning yangi rejalarini muhokama qilgan. 

“Samimiy tabassumlar va bemalol suhbatlar mamlakatlarimiz hamda ularning yetakchilari o‘rtasidagi o‘zaro ishonchni yaqqol namoyon etadi”, degan Sherzod Asadov.

Qayd etilishicha, Janubiy Koreyaning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Li Uk Xyon bilan suhbat, ayniqsa, samimiy kechgan. Bu uchrashuv o‘tgan yillarni, O‘zbekiston – Koreya do‘stligini mustahkamlash yo‘lida birgalikda amalga oshirilgan ishlarni yodga olish imkonini bergan.

Sammit arafasida Shavkat Mirziyoyev Milliy Assambleya Spikeri uchun koreys tiliga tarjima qilingan “Mirziyoyev doktrinasi” kitobiga mamnuniyat bilan dastxat yozib bergan. 

“Bu Yangi O‘zbekiston g‘oyalari va islohotlariga bo‘lgan samimiy qiziqishning yana bir ifodasidir”, degan Prezident matbuot kotibi.

Bildirilishicha, koreyaliklar tomoni ham davlat tashrifiga alohida e’tibor va ehtirom ko‘rsatgan. Xususan, Janubiy Koreyadagi eng baland bino – Lotte World Tower hamda Seul teleminorasida O‘zbekiston bayrog‘ining yorqin tasvirlari namoyon bo‘lgan. Prezident tashrifi sharafiga O‘zbekiston bayrog‘i ranglaridagi dirijabl parvoz qilgan, qarorgoh oldidagi favvorada esa O‘zbekiston gerbi va bayrog‘i tasvirlari aks ettirilgan.

“Bularning barchasida mezbonlarning samimiy mehmondo‘stligi va yuksak hurmati sezilib turardi. Seuldan iliq taassurotlar va do‘stligimizning istiqboli porloq ekaniga ishonch bilan qaytdik”, degan Sherzod Asadov.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 16 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Koreya Respublikasiga davlat tashrifining tadbirlarga boy dasturi yakuniga yetgandi. Tashrif doirasida davlat rahbari Koreyada istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan uchrashuvlar o‘tkazgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing