Pentagon Ukraina harbiy samolyotlar olganini e’lon qildi

Olam

image

Ukraina yaqinda harbiy yordam sifatida qo‘shimcha samolyotlar oldi, ammo AQSHdan emas. Bu haqda Pentagon matbuot kotibi Jon Kirbi kecha, 19 aprel kuni jurnalistlar uchun o‘tkazilgan brifingda ma’lum qildi.

“Ular qo‘shimcha samolyotlar va ehtiyot qismlar oldi, bu esa ularga ko‘proq samolyotlarni havoga ko‘tarish imkonini berishi kerak”, deydi Kirbi. U samolyotlar AQSH tomonidan yuborilmaganiga aniqlik kiritib, “boshqa davlatlar nima taqdim etayotgani tafsilotlarini oshkor qilmasligini” ta’kidlagan.

Kirbining so‘zlariga ko‘ra, hozirda Kiyevda “ikki hafta oldingiga qaraganda ko‘proq ishga yaroqli jangovar samolyotlar” mavjud.

“Biz, albatta, qo‘shimcha qismlarni jo‘natishga yordam berdik, bu ularning aviatsiyadagi ehtiyojlari nuqtai nazaridan yordam berdi. Lekin biz butun samolyotlarni yubormadik”, degan Pentagon vakili.

Amerika gaubitsalari

Kirbiga ko‘ra, Vashington Amerika gaubitsalari yaqin kunlarda Ukrainaga yetkazilishiga ishonadi. Bu bir necha kunlik masala va o‘q-dorilar uchun ham xuddi shunday.

Kirbidan, shuningdek, Amerika tomoni Kiyevni qo‘shimcha gaubitsa snaryadlari bilan ta’minlay oladimi, deb so‘ralgan.

“Bugun keyingi jo‘natmalar haqida hech narsa deyolmayman, menimcha, agar kelajakda 155 millimetrli gaubitsalar uchun qo‘shimcha snaryadlarsha ehtiyoj tug‘ilsa, AQSH ularni yetkazib berish uchun barcha imkoniyatlarni ishga soladi deb o‘ylayman”, degan Pentagon matbuot kotibi.

Dushanba kuni Kirbi Qo‘shma Shtatlar tez orada Ukraina qo‘shinlarini Amerika gaubitsalaridan foydalanishga o‘rgatishni boshlashini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, gap amerikalik instruktorlar tomonidan o‘qitiladigan, keyin esa Ukraina Qurolli kuchlarida boshqalarga o‘rgatadigan kichik guruh haqida bormoqda.

Joriy yilning 13 aprel kuni AQSH Prezidenti Jo Bayden Vashington Kiyevga yana 800 million dollar miqdorida harbiy yordam, jumladan, 11 ta Mi-17 vertolyoti, 200 ta zirhli transportyor, 18 ta 155 mm.li gaubitsa va 40 000 ta artilleriya snaryadlari, shuningdek, 300 ta Switchblade, Javelin tankga qarshi tizimlari uchun 500 ta raketa va “minglab boshqa tankga qarshi tizimlar” berilishini e’lon qilgandi. Amerika gaubitsalari birinchi marta Ukrainaga topshiriladi. Ushbu harbiy texnikalar orasida Amerika tomoni tan olganidek, ulardan foydalanish Ukraina harbiy xizmatchilarining qo‘shimcha tayyorgarligini talab qiladigan tizimlar ham bo‘ladi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

11

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing